Lukashenko Zelenskiyni haqorat qildi
Olam
−
07 fevral 2022
21352Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni “boshsiz” deb atadi. Bu haqda u “Solovyov Live” kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiydan Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujum haqidagi bayonotlari tufayli ko‘ngli qolgan.
“Zelenskiy, meni kechir, men seni birinchi marotaba boshsiz deb atayman. Men uning bunday yo‘l tutishini kutmagan bo‘lsam ham, u “yo‘q, yo‘q, urush bo‘lmaydi, urush bo‘lmaydi” deb baqirishni boshladi. Biroq uni urush bo‘ladi, biz (Rossiya va Belarus) hujum qilamiz degan so‘zlarni aytishi uchun harakat qilishmoqda”, deydi Lukashenko.
Bundan tashqari, Lukashenko Zelenskiyni yadrosiz amorf shaxs deb ham atagan.
“Men uni butun sovet o‘tmishidan (Ikkinchi jahon urushidan) nafratlanadigan yahudiy, deb atamagan bo‘lardim. U shunchaki amorf odam, uning yadrosi yo‘q ”, degan u.
Shuningdek, Lukashenko Ukraina 15 yildan keyin Ittifoq davlatiga qo‘shilishi mumkinligini aytgan.
Ukraina-Rossiya nizosi
So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa boshqa tomonda urushga qarshi harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi.
Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘t ochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan.
Boshqa tomondan, Rossiya Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.
LiveBarchasi