Lukashenko Rossiyadan Belarus himoyasi uchun kafolat so‘radi

Olam

image

Kecha, 10 aprel kuni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qildi va uchrashuvda Minsk respublikaga hujum uyushtirilgan taqdirda xavfsizlik kafolatlariga muhtoj ekanini aytdi. Bu haqda “BelTa” xabar berdi.

Lukashenko bu masalani Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilganini ta’kidlagan. Putin esa uni hamma yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlab, ikki tomonlama bitimlarni qayta ko‘rib chiqish va Belarusning to‘liq xavfsizligini ta’minlash uchun davlatlararo xarakterdagi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishni taklif qilgan.

“Umuman olganda, muzokaralarda shunday yangradiki, agar Belarusga tajovuz bo‘lsa, Rossiya Federatsiyasi Belarusni o‘z hududi sifatida himoya qiladi. Bizga aynan shunday xavfsizlik kafolatlari kerak”, deydi Lukashenko.

Belarus yetakchisining fikricha, G‘arb davlatlari Budapesht memorandumi bo‘yicha tuzilgan shartnoma va kelishuvlarni poymol qilgani ortidan hech qanday xavfsizlik kafolati qolmagan. 

“Men iqtisodiy xavfsizlikni ham nazarda tutdim. Xo‘sh, bizga, Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘yishsa, qanday iqtisodiy xavfsizlik bo‘lishi mumkin?” degan Lukashenko.

Shuningdek, u Minsk va Moskva Belarusning to‘liq xavfsizligi uchun xavfsizlik shartnomalarini tahlil qilishi yoki yangisini qabul qilishi kerak ekanini qo‘shimcha qilgan. Minskdagi muzokaralar doirasida Aleksandr Lukashenko va Sergey Shoygu Belarusda joylashgan Rossiya-Belarus qo‘shma qo‘shinlari guruhining jangovar tayyorgarligi bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, Budapesht memorandumi Ukrainaning Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilishi munosabati bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi davlatlararo hujjatdir. U 1994 yil 5 dekabrda Ukraina, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSH rahbarlari tomonidan imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, 5 aprel kuni Lukashenko Moskvada Putin bilan uchrashib, G‘arb tomonidan Rossiya va Belarusga qarshi e’lon qilingan sanksiyalar masalasini muhokama qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Belarus' Lukashenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing