Lukashenko Putinni suiqasd haqida ogohlantirganini aytdi

Olam

image

Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Janubiy Afrika Respublikasiga (JAR) safari chog‘ida unga qarshi suiqasd bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirganini aytdi. Bu haqda u 2025 yil 31 dekabr kuni jurnalistlar bilan suhbati chog‘ida so‘z ochdi.

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Putin “chamadonlarini yig‘ayotgan” paytida u bilan “do‘stona, birodarlarcha suhbat” o‘tkazgan va JARga – BRICS sammitiga ketishga otlangan Putinni fikridan qaytargan. Shundan so‘ng, Rossiya yetakchisi bu masalaga quloq solgan va sammitga Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchib ketgan.

Shuningdek, Lukashenko bu “oddiy bema’ni gap-so‘z emas”ligini, Putinga qarshi tayyorlanayotgan “terrorchilik harakati” haqida razvedka ma’lumotlariga ega bo‘lganini aytgan.

“Bizni razvedkamiz xabardor qilgan”, deydi u.

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bilan urush davom etayotgan bir paytda u Putinga tez-tez hech qayerga bormaslikni maslahat beradi, chunki “kerak bo‘lganlar o‘zlari uning oldiga uchib keladi”.

“Aniqki, G‘arbda hamma tushunadi: Putinni yo‘q qilishsa, hammasi boshqacha bo‘ladi. Bunga jiddiy qarash kerak. Men bu haqda bugun birinchi marta gapiryapman, chunki beparvolik qilish mumkin emas”, deydi Lukashenko.

Shuningdek, u Putinning Valdaydagi qarorgohiga Ukraina dronlari hujum qilishga uringani haqidagi voqeani “eng yovvoyi terrorizm” deb atagan. Lukashenkoning eslatishicha, keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon tomonlarning hech biri boshqa tomonning birinchi shaxsiga hujum qilmagan, holbuki Putinning Kiyevdagi “qaror qabul qilish markazlari”ga zarba berish imkoniyati bo‘lgan.

“Men aynan shuni o‘ylayapman: bu kimga kerak edi, bu nimaga olib kelishi mumkin edi. Kimga kerakligini taxmin qilyapman, Vladimir Aleksandrovich Zelenskiy ortida kim turganini ham. O‘ylaymanki, agar u bunga aloqador bo‘lgan bo‘lsa ham nima qilayotganini tushunmagan”, deydi Lukashenko.

Zelenskiyning o‘zi esa Rossiyaning dronlar hujumi haqidagi bayonotini “feyk” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva shu yo‘l bilan Kiyevdagi hukumat binolariga zarba berish uchun zamin hozirlamoqda va Ukraina hamda AQSH o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida erishilayotgan siljishni izdan chiqarishni, urushni to‘xtatishdan bosh tortishini oqlashni ko‘zlamoqda.

Rostligi noaniq hujum

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kiyev 2025 yilning 29 dekabr kuni kechasi Putinning Novgorod viloyatidagi davlat qarorgohiga 91 ta uchuvchisiz uchish apparati yordamida hujum uyushtirganini xabar qildi. Barcha dronlar yo‘q qilindi. Vazir qurbonlar yoki zarar haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini aytdi. 

O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning xabar berishicha, Putin telefon orqali suhbatda AQSH Prezidenti Donald Trampning e’tiborini Kiyevning Mar-a-Lagoda bo‘lib o‘tgan AQSH-Ukraina muzokaralaridan so‘ng deyarli darhol sodir bo‘lgan hujumiga qaratgan va bu eng jiddiy javobsiz qolmasligi haqida ogohlantirgan. Rossiya rahbari shuningdek, Amerika rahbariga Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralardagi Rossiyaning pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqilishini aytgan.

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi esa Ukrainani Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyati – Valdaydagi qarorgohiga hujum qilishga uringan, deb hisoblamaydi. MRB xulosasiga ko‘ra, 29 dekabrga o‘tar kechasi ukrain dronlari Putinning qarorgohi joylashgan hudud bilan bir mintaqadagi harbiy ob’ektga zarba berishga uringan, biroq ushbu ob’ekt qarorgohga yaqin joylashmagan.

MRB direktori Jon Retkliff razvedka xulosalarini AQSH Prezidenti Donald Trampga yetkazgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida “New York Post” gazetasining tahririy maqolasiga havola e’lon qilgan. Unda Ukraina Putinning qarorgohiga zarba bermagani aytilgan. Tramp ushbu havolani maqola sarlavhasi – “Putinning “hujum” haqidagi shov-shuvli bayonotlari aynan Rossiya tinchlikka to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatadi” bilan birga joylashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, aytilayotgan ushbu hujum qilishga urinishni qoralagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Aleksandr Lukashenko suiqasd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing