Lukashenko Putin va Trampni “imperatorlar” deb atadi
Olam
−
19:06 1967 2 daqiqa
Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin hamda Donald Trampni “imperatorlar” deb atadi va ulardan farqli o‘laroq, o‘ziga umumiy muhabbat kerak emasligini qo‘shimcha qildi. Bu haqda u RT telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Parvardigor vaziyatni boricha qabul qilishga meni o‘rgatdi. U menga doim hamma seni sevavermasligini uqtirgan. Men Donald Tramp yoki Vladimir Putin kabi imperator emasman. Ular o‘zlarini sevishlari haqida mulohaza yuritishga qurbilari yetadi. Menda ulardagi imkoniyatlar yo‘q”, deydi Belarus yetakchisi.
U o‘zini “Yevropaning so‘nggi diktatori” deb ataydigan G‘arb OAVlarini o‘qishini qayd etgan.
“Men tajribali odamman. O‘qiyman: ustimdan mag‘zava ag‘darishadi, diktator va hokazo deyishadi. Bunga xotirjam qarayman... Menda diktatorlik qilish uchun resurs yo‘q. Mana Trampda bu resurs bor va u diktatorlik qilmoqda – Venesuelada, Kubada, Eronda diktatorlik qilishga urinmoqda”, deydi u.
Lukashenko, shuningdek, AQSH Belarusdan “demokratiyani o‘rganishi” kerakligini aytgan. Uning fikricha, Vashingtonning inson huquqlari haqidagi gaplari “shunchaki valdirash”, Amerikaning boshqa mamlakatlardagi siyosati esa demokratiyadan dalolat bermaydi. U AQSH siyosati demokratiya va inson huquqlari emas, balki manfaatlar bilan belgilanishini qayd etgan.
Shunga qaramay, Lukashenko AQSH bilan “katta bitim”ga tayyor.
“Amerika Qo‘shma Shtatlariga borishni va shunchaki Donald Trampning qo‘lini siqishni juda ham istab yonib turganim yo‘q”, deydi u.
Lukashenkoning fikricha, Donald Tramp Belarus pozitsiyasini o‘rganib, uni Rossiyaga proyeksiya qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvga “siyosiy mahbuslar”, shuningdek, elchixonalar faoliyati va yadroviy materiallar ustidan nazoratga oid masalalar kiradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Lukashenko maxsus vakil Jon Koul boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Shundan so‘ng Vashington “Belinvestbank”, Taraqqiyot banki, Moliya vazirligi, Belarus kaliy kompaniyasi va “Belaruskaliy”ga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi, Belarus yetakchisi esa 250 nafar mahkumni afv etdi.
Live
Barchasi