Lukashenko muddatidan oldin Prezident saylovini o‘tkazish shartini aytdi
Olam
−
03 dekabr 2021
6395Belarusda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda mamlakat Prezidenti Aleksandr Lukashenko RIA Novostiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Prezidentlik saylovlarining muddatidan avval o‘tkazilishi mamlakat yangi Konstitutsiyasining qabul qilinishiga bog‘liq.
Hozirda Belarusda yangi tahrirdagi asosiy qonun ustida ish olib borilmoqda, bu masala bo‘yicha referendum 2022 yil fevralidan kechiktirmay o‘tkaziladi. Undan oldin jamoatchilik muhokamasi bo‘lishi rejalashtirilmoqda.
“Saylovlar uzog‘i bilan o‘z vaqtida o‘tkaziladi, balki muddatidan oldin ham bo‘lishi mumkin. Prezident bunday qarorni Konstitutsiyada belgilangan saylov o‘tkazish davri qoidalariga asosan qabul qilishi mumkin”, deydi Lukashenko.
Biroq u prezidentlik saylovlarining kelasi yozda o‘tkazilishi ehtimoliga shubha bilan qaraydi.
“Yo‘q, yo‘q, kurinib turibdiki. Prezidentlik saylovlariga hali uch-to‘rt yil vaqt bor”, deya kelasi yil saylov o‘tkazilishini inkor qilgan Belarus rahbari.
Umuman olganda, u yangi Konstitutsiya qabul qilingandan so‘ng barcha davlat organlariga, shu jumladan, Butunbelarus Xalq Assambleyasiga saylovlar o‘tkazilishi kerakligini aytdi. Ularning konstitutsiyaviy maqomi mamlakatda yangi asosiy qonun asosida mustahkamlanishi rejalashtirilgan.
Belarus MSK saytidagi taqvimga ko‘ra, Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2025 yil 20 iyuldan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 9 avgustda o‘tkazilgan saylovda Aleksandr Lukashenko 80,08 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi. Prezidentlik saylovidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari avj olib ketdi. Namoyishchilar hukumatni saylov natijalarini soxtalashtirganlikda ayblab, yangi saylov o‘tkazishni talab qildi.
Doston Iskandarov
LiveBarchasi