Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi qonuni muhokamasi uzaytirildi
Jamiyat
−
10 may 2021
6647Avvalroq “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi e’lon qilingandi. Ushbu qonun muhokamasi noyabr oyigacha uzaytirildi. Bu haqda Davlat tilini rivojlantirish departamenti Axborot xizmati xabar berdi.
“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini har tomonlama puxta, keng jamoatchilik fikr-mulohazalari va takliflarini chuqur o‘rgangan holda takomillashtirish maqsadida, shuningdek, mutaxassislarning takliflarini inobatga olib, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalidagi umumxalq muhokamasini 2021 yil 1 noyabrga qadar davom ettirishga qaror qildi”, deyiladi xabarda.
Qayd jtilishicha, bu vaqt davomida mas’ullar tomonidan qonun loyihasining zarurati va ahamiyatiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, ma’ruza va seminarlar o‘tkaziladi. Alifboga shakliy o‘zgarishlar kiritilishi munosabati bilan talab etiladigan xarajatlar miqdori o‘rganiladi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida takomillashayotgan alifboning turli (fonetik, grafik, texnik, imlo) xususiyatlariga doir turkum ko‘rsatuv va maqolalar tashkil etiladi.
Ilmiy anjumanlarda bildirilgan taklif va mulohazalar turli soha olim va ziyolilaridan iborat ekspertlar guruhi ishtirokida o‘tkaziladigan konferensiyada ko‘rib chiqilib, yakuniy xulosaga kelinadi hamda loyiha bilan birgalikda Hukumatga kiritiladi.
LiveBarchasi