Londonda III xalqaro “O‘zbekistonlik” forumi va Uzbekistanʼs club yangi loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Biznes
−
19 Oktabr 2023
348218 oktyabr kuni Buyuk Britaniyaning poytaxti London shahrida III xalqaro “O‘zbekistonlik” forumi o‘tkazildi. Unda “Uzbekistanʼs club” nomli yangi jilokor jurnal taqdimoti hamda ko‘pchilikka tanilgan “O‘zbekistonlik” filmining 4-epizodi premerasi bo‘lib o‘tdi.
Forumda butun dunyodan kelgan 200 dan ziyod o‘zbekistonlik vatandoshlar, O‘zbekistondan tashrif buyurgan delegatlar, shuningdek, Buyuk Britaniyadagi nufuzli shaxslar, biznesmenlar, diplomatlar va jamoat arboblari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi Muvaqqat ishlar vakili Baxtiyor Xo‘jayev va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso ochib berdi.
“O‘zbekistonlik” forumining maqsadi – butun dunyo bo‘ylab yoyilgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida global netvorkingni yo‘lga qo‘yish va O‘zbekistonni intellektual, iste’dodli va mehnatkash insonlar mamlakati sifatida tarannum etish. Uzbekistanʼs club ijodiy jamoasi tomonidan tashkil etiladigan xalqaro “O‘zbekistonlik” forumlari avvalroq Berlin (Germaniya) va Parij (Fransiya) shaharlarida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi.
Forumning asosiy voqealaridan biri ayni nomdagi “O‘zbekistonlik” filmning 4-epizodi premerasi bo‘ldi. Yuz minglab tomoshabinlarning mehrini qozonib ulgurgan badiiy-hujjatli filmlar turkumi o‘z sohasida olamshumul natijalarga erishgan vatandoshlarimizning hayotiy hikoyalarini so‘zlab berishda davom etmoqda. Bu safargi epizod qahramonlari YeTTB direktori Kamola Mahmudova va Kembrij universiteti biologi, fan doktori Temur Yunusovlar bo‘ldi. Film Youtube tarmog‘i va MY5 telekanali orqali 19 oktyabr kuni soat 18:00 da premera qilinadi.
Forumga tashrif buyurganlar “Uzbekistanʼs club” nomli yangi jilokor jurnalning ilk soni bilan ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Zamonaviy va o‘ziga xos uslubga ega ushbu jurnal trendlarni boshlab berish uchun chop etilgan. Uning vazifasi – zamonaviy o‘zbekistonlikning yangi qiyofasiga namuna bo‘layotgan shaxslar va ularning obrazlarini targ‘ib qilish. Jurnal yiliga ikki marta o‘zbek va ingliz tillarida chiqadi. U bepul ravishda Toshkentdagi gavjum jamoat joylarida, qolaversa, xorijiy mamlakatlarda diplomatik vakolatxonalar orqali tarqatiladi.
“Uzbekistanʼs club” jurnalining yangi sonida tahririyat versiyasiga ko‘ra eng progressiv o‘zbekistonliklarning TOP 20 taligi e’lon qilindi. Bunday ro‘yxat millatning shu nomga eng munosib vakillarini aniqlash va ularning faoliyatiga jamoatchilik e’tiborini qaratish uchun muntazam tuzib boriladi. Jurnalning yana bir trendi – ESG (atrof-muhit va jamiyat oldidagi mas’uliyat) konsepsiyasini ommalashtirishdir. Buning uchun tahririyat ijtimoiy mas’uliyatli bizneslarning kuchli yettiligini tuzdi hamda tahririyat versiyasiga ko‘ra shu ro‘yxatdan joy olgan eng yaxshi loyihalarni jurnalning birinchi sonida e’lon qildi.
Londondagi forumda Uzbekistanʼs club jamoasi "uzbekistans.club" onlayn platformasi hamda ayni nomdagi Android va iOS mobil ilovalarining to‘liq funksionalini taqdim etdi. Ushbu platforma orqali klub tashabbuslariga qo‘shilish, diasporamiz yangiliklari va yaratilayotgan kontent bilan tanishib borish mumkin bo‘ladi. Xorijda yashayotgan faol o‘zbekistonliklar uchun esa unda bepul ariza topshirish orqali Uzbekistanʼs club rezidenti bo‘lish imkoniyati bor.
Klub tomonidan vatan hamda diasporalar orasida yaratilgan “ko‘prik” o‘z natijalarini bermoqda. Uzbekistanʼs club rezidenti, investor va moliyachi Alisher Jumanov yangi GulfCA Corp. kompaniyasi rejalari bilan bo‘lishdi. U ushbu kompaniyani o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan 10 milliard AQSH dollaridan ko‘proq qiymatdagi investitsiyalarni jalb qilish maqsadida tashkil qilgan. Klubning yana bir rezidenti bir nechta muvaffaqiyatli bizneslar egasi Mirshod Shokirov Uzbex.com platformasi haqida so‘zlab berdi. U ushbu maydonchani O‘zbekistondagi tadbirkorlarga o‘z bizneslarini jahon miqyosiga olib chiqish va “Made in Uzbekistan” brendini dunyoga yoyish maqsadida ishlab chiqmoqda.
Forum mehmonlari shuningdek Uzbekistanʼs club'ning yangi ijodiy loyihalari tafsilotlari haqida ham bilib oldilar. Ëshlar auditoriyasi uchun maxsus yaratilgan “O‘zbekistonlik student” nomli yangi serial namoyishi kelasi oy ham davom etadi. U dunyoning eng yaxshi universitetlarini ko‘rsatib berib, O‘zbekistondan chiqqan iste’dodli talabalar misoli orqali shunday bilim yurtlariga kirish jarayoni haqida so‘zlaydi. Noyabr, dekabr va yanvar oylarida tomoshabinlar e’tiboriga ushbu serialning Buyuk Britaniyada suratga olingan yana 3 qismi havola etiladi. Keyingi mavsum esa AQSHdagi oliy ta’lim muassasalariga bag‘ishlanadi.
Uzbekistanʼs club – O‘zbekistondagi kreativ industriya professionallari tomonidan ta’sis etilgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilot. Jamoaning barcha loyihalari homiy va hamkorlarning beminnat ko‘magi tufayli amalga oshirilmoqda.
Londondagi tadbir oxirida Uzbekistanʼs club jamoasi, an’anaga ko‘ra, navbatdagi forum hamda “O‘zbekistonlik”ning yangi epizodi premerasi qayerda va qachon bo‘lib o‘tishini e’lon qildi. Jamoa uchun keyingi manzil AQSH bo‘ladi. Tadbirlar 2024 yilning bahorida bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi