Londonda birinchi prezident oilasining 50 mln dollarlik mulki bor – “Times”
Olam
−
23 Sentabr 2023
15534Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning qarindoshlari Buyuk Britaniyada offshor kompaniyalar orqali ro‘yxatdan o‘tgan qiymati 40 mln funt sterling (49,152 AQSH dollari)dan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulkka egalik qiladi. Bu haqda “Times” nashri xabar berdi.
“Bu Britaniya rasmiylari tomonidan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin joriy etilgan yangi qoidalar tufayli ma’lum bo‘ldi. Ular Buyuk Britaniyadagi hashamatli uylarga offshor kompaniyalar orqali egalik qiluvchilar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish imkonini beradi. Ilgari bu ma’lumotlar maxfiy hisoblangan”, deyiladi xabarda.
Britaniya hukumati reyestriga ko‘ra, Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘aning London shimolidagi 9,3 mln funt sterlinglik qasri va Chelsida 31 mln funt sterlinglik ikkita kvartirasi bor. Mulk Panamadagi Tropicana Assets Foundation va Villa Magna Foundation offshor kompaniyalarida ro‘yxatdan o‘tgan. Bu mulklar allaqachon Britaniya nashrlarining e’tiboriga tushgani aytilmoqda.
Nazarboyevning kuyovi, o‘rtancha qizi Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Quliboyev esa 2007 yilda offshor shirkati orqali hozirgi qirolning ukasi shahzoda Endryudan Berkshirdagi Sanninghill-park mulkini sotib olgan. U 15 million funt to‘lagan – bu so‘ralgan narxdan uch million funt qimmatroq. Bundan tashqari, Quliboyev Britaniya Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya orqali Gayd Park yaqinida bir yarim million funt sterling qiymatdagi mulkka ham egalik qiladi.
Nursulton Nazarboyev va Darig‘a Nazarboyeva jurnalistlarning mazkur mulklar haqidagi savollariga javob bermagan. Quliboyevning manfaatlarini ifodalovchi Schillings kompaniyasi esa Nazarboyevning kuyovi “35 yillik biznes faoliyati davomida qonuniy va shaffof yo‘l bilan o‘z boyligini to‘plagan mustaqil, muvaffaqiyatli tadbirkor” ekanini bildirgan.
Shuningdek, nashr boshqa davlat rahbarlarining oilalari ham Britaniyada katta mulklarga egalik qilishini yozgan. Unga ko‘ra, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning farzandlari Londonda 21 million funt sterlinglik uylarga, Angola sobiq prezidenti Joze Eduardu dush Santushning qizi esa 10 million funt sterling qiymatidagi qasrlar egasi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Buyuk Britaniyaning Yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaning uchta hashamatli mulki musodara qilinganini ma’lum qilgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova onasining Buyuk Britaniyadagi mol-mulki musodara qilingani haqidagi ma’lumotni rad etgandi.
LiveBarchasi