Lochindagi norozilik namoyishi 5 kundirki tinmayapti
Olam
−
16 dekabr 2022
6459Shusha-Xonkendi avtomagistralining Rossiya harbiylari vaqtincha nazorati ostidagi qismida ozarbayjonlik ekologik faollar va nohukumat tashkilotlar vakillari tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan norozilik aksiyasi beshinchi kundirki davom etmoqda. Akuiya 12 dekabr kuni Xonkendini Armaniston bilan bog‘lovchi yo‘lda Shushi shahri yaqinida boshlangan.
Namoyishchilar sovuq havoga qaramay hududni tark etmayapti.
Faollar Armanistonni ekologik terrorda ayblab, konlardan noqonuniy foydalanishga qarshi shiorlar aytmoqda, shuningdek, Qorabog‘dagi Rossiya harbiy kontingenti qo‘mondoni Andrey Volkov bilan uchrashishni talab qilmoqda. Aksiya ishtirokchilari soni ortib bormoqda.
Namoyishchilar sovuq havoda isinish uchun olov yoqdi va talablari bajarilmaguncha namoyishni davom ettirishlarini aytmoqda.
Shu bilan birga faollar Armaniston fuqarolari uchun Shusha-Xonkendi yo‘li bo‘ylab tez yordam mashinalarining o‘tishini ta’minlashga tayyor ekanliklarini bildirgan.
11 dekabr kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga Ozarbayjon hududida vaqtincha joylashgan Rossiya harbiy kontingenti faoliyati munosabati bilan norozilik notasini topshirdi. Nota ozarbayjonlik ekspertlar guruhi rossiyalik harbiylar vaqtincha joylashtirilgan hududlardagi ekologik vaziyatni kuzata olmagan voqea munosabati bilan topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 dekabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ygani, keyin (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi gaz quvurini yopgani, ushbu provokatsion harakatlar natijasida Tog‘li Qorabog‘ aholisi erkin harakatlanish huquqidan mahrum bo‘lgani, minglab odamlar, jumladan bolalar qishning sovuq sharoitida yo‘llarda qolib ketganini iddao qildi.
LiveBarchasi