Litva Belarus bilan chegarada devor qurmoqchi

Olam

image

Litva Belarus bilan chegarada muhojirlar oqimini to‘xtatish uchun to‘siq qurmoqchi va bunda armiya chegarani himoya qilishda ishtirok etadi. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni mamlakat Bosh vaziri Ingrida Shimonite matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Biz Litva va Belarusni ajratib turadigan qo‘shimcha to‘siq qurishni boshlaymiz va bu noqonuniy migrantlar oqimi uchun aniq belgi va ma’lum to‘siq bo‘ladi”, deydi Shimonite.

Foto: Ingrida Shimonite

Hukumat rahbari, shuningdek, chegarada patrulni kuchaytirish uchun armiya ham jalb qilinishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Litva Rossiya bilan chegarasida ikki metrlik balandlikdagi, sim panjarali to‘siq qurgandi. Ushbu o‘ziga xos devor harakat sensorlari, termal kameralar, videokameralar bilan jihozlangan. Litva Rossiyaning Kaliningrad viloyati bilan chegaradosh.

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilning boshidan buyon Litvaga Belarus hududidan kirib kelgan 1,4 mingdan ortiq noqonuniy migrantlar hibsga olingan. Bu butun 2020 yilga ko‘rsatkichga nisbatan 17,5 marta ko‘pdir. Joriy yilning 2 iyul kuni Litva Vazirlar Mahkamasi migratsiya inqirozi munosabati bilan mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi.

Qayd etish kerakki, joriy yilning may oyi oxirida Prezident Aleksandr Lukashenko parlamentda qilgan chiqishida Belarus giyohvand moddalar va noqonuniy migrantlarni qo‘shni davlatlarga (Latviya, Litva, Polsha, Ukraina) o‘tkazishda to‘siq bo‘lganini aytgandi, ammo G‘arb tomonidan siyosiy bosimni hisobga olgan holda Minsk bu masalani ko‘rib chiqishi kerakligini ta’qidlagan.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun, ikki mamlakat chegarasida devor qurish bo‘yicha AQSH ham tajribaga ega. Sobiq Prezident Donald Tramp 2016 yilda mamlakat janubida Meksika bilan chegarada devor qurish loyihasini qayta boshlagandi. Uch ming kilometrdan oshiq masofani qamrab olishi kerak bo‘lgan devor mamlakat janubidan kelayotgan noqonuniy migratsiya oqimiga qarshi ko‘rilgan chora edi. Biroq ushbu loyiha Trampning ko‘plab boshqa loyihalari kabi Jo Bayden AQSH Prezidentiga aylangach to‘xtab qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

66

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing