Levandovski, Benzema, Xoland... “Uloq” kimga nasib qiladi?

Sport

image

Futbolda nufuzli sovrinlar juda ham ko‘p. O‘n yildan oshiq vaqt mobaynida shaxsiy sovrinlar uchun ikki asosiy da’vogar futbolchi Messi va Ronaldu bo‘lardi. Ular shaxsiy sovrinlarni shunchalik ko‘p qo‘lga kiritdi-ki, futbol ahli zerikib ham ketdi.  Endi sovrinlar uchun kurashga boshqalar kirishdi. Buni “Oltin butsa” uchun kurashda Messi va Ronalduning  yo‘qligi ham ko‘rsatib turibdi.

Robert Levandovski  - 22 o‘yin 26 gol  (“Bavariya”)

Oxirgi uch mavsumning haqiqiy to‘purar futbolchisi Robert Levandovskidir. Ha, unga nisbatan adolatsizlik qilib, “Oltin  to‘p”dan quruq qoldirishsa ham mayli, lekin u baribir gol urishdan to‘xtamaydi. O‘tgan yili FIFA talqiniga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan polyakni bu mavsum ham to‘xtatishning chorasini topa olishmayapti. Levandovskining har o‘yinda bittadan ko‘p gol urayotgani buni isbotlab turibdi. Katta ehtimol, o‘tgan mavsumda “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritgan “Bavariya” hujumchisi, ushbu mavsumda ham sovrinni begona qilmaydi.

Karim Benzema - 21 o‘yin 17 gol (“Real Madrid”)

Ronaldu ketgach, “Real Madrid” yetakchisi Karim Benzema bo‘ladi desa, hech kim ishonmasligi mumkin edi. Amalda u nafaqat “qaymoq ranglilar” lideri bo‘ldi, balki jahon futbolining elita hujumchilari qatorida e’tirof etila boshladi. Agar, Robert Levandovski bo‘lmaganda, fransiyalik hujumchi dunyoning ayni damdagi eng yaxshi futbolchisi bo‘lishi mumkin edi. O‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan Benzema “qirollik” klubi tarkibida 587 ta uchrashuvda maydonga tushib, 303 ta gol urdi. Tasavvur qiling, u jamoa afsonasi Raul Gonsalesni ortda qoldirib, “Real Madrid”  tarixidagi eng yaxshi ikkinchi to‘purar bo‘lishi mumkin. Bir paytlar madridlik muxlislar uni jamoadan ketkazish ishtiyoqida edi. Benzema esa, hazil-hazil bilan “Real Madrid” tarixiga kirdi. Fransiyalikning “Oltin butsa”ni yutish imkoniyati biroz pastroq bo‘lishi mumkin. Lekin harakat qilsa bo‘ladi.

Muhammad Saloh - 22 o‘yin 16 gol (“Liverpul”)

Muhammad Saloh “Liverpul”da  ajoyib o‘ynashda davom etmoqda. Uning gollari “qizillar”ning g‘alabasiga asosiy kalit bo‘lmoqda. U Afrika Millatlar kubogidagi omadsizlikdan so‘ng, bor e’tiborini APLga qaratadi. Shuning uchun, gollarining soni yanada oshsa ajabmas. Saloh kamtar va yaxshi insoniy fazilatlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Lekin uning ham “Oltin to‘p”, “Oltin butsa” kabi jiddiy sovrinlarga ega chiqish ishtiyoqi baland. Misrlik o‘g‘lon qachondir futbol olamidagi eng nufuzli shaxsiy sovrinlarga ega chiqadi. Biroq ushbu mavsumda “Oltin butsa” uchun kurashda Salohning imkoniyatlari qolganlarga nisbatan biroz past.

Chiro Immobile – 21 o‘yin 19 gol (“Latsio”) 

A Seriyada bir qator top futbolchilar bo‘lishiga qaramasdan, Chiro Immobile Italiya chempionatida to‘purarlar orasida yaqqol yetakchilik qilmoqda. Hozirda Robert Levandovskidan keyin sovringa eng yaqin futbolchi Chiro hisoblanadi. Immobilening oxirgi mavsumlari shuni ko‘rsatmoqda-ki, u bemalol gollari sonini 30 dan oshirib qo‘ya olish qobiliyatiga ega. Shu sabab, italiyalikda “Oltin butsa”ni yutish uchun yaxshi imkoniyat mavjud.

Erling Xoland - 14 o‘yin 16 gol (“Borussiya Dortmund”)

Beshtalik ichida eng kam o‘yin o‘tkazganiga qaramasdan, Erling Xoland bir quturadigan bo‘lsa, gollari sonini anchaga ko‘paytirib olishi mumkin. Hozircha, norveg o‘ziga kelayotgan "sovchilar"ning qaysi biriga rozilik bildirish to‘g‘risida ko‘proq o‘ylayotgan bo‘lsa ajabmas. Kuchliroq jamoaga o‘tadigan bo‘lsa, bunday “Oltin butsa”larning bir nechtasini yutishi mumkin. Bu yil esa, “akasi” Robertning imkoniyatlari balandroq.

“Otin butsa”ning 5 karra sohibi Lionel Messi Fransiya chempionatida 14 ta uchrashuvda 2 ta gol urgan. Krishtianu Ronaldu esa, APLda 20 ta bahsda qatnashib, 8 ta gol kiritishga erishgan.

 

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

21

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing