Laziz Qudratov yana bir lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
19 avgust 2021
7836O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratovga Strategik rivojlanish agentligi bosh direktori vazifasini bajarish yuklatildi.
Agentlikning yangi rahbari Laziz Qudratov 1981 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti va Yaponiyadagi Xosey universitetini tamomlagan.
Laziz Qudratov O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi, so‘ngra “Oʻzinfoinvest” agentligining axborot ta’minoti va xorijiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha direktor bo‘lib ishlagan.
Shuningdek, Laziz Qudratov Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining turli lavozimlarida ham ishlagan. Xususan, 2017 yil iyunda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan, 2019 yil yanvarda qo‘mita Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi sifatida qayta tashkil etilgach, shu vaqtgacha vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. 2019 yil oktyabr oyi boshida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Strategik rivojlanish agentligi 2021 yil 19 iyul kuni Prezident farmoni bilan tashkil etilgan.
Agentlik funksiyalariga tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini o‘rganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli tarmoqlari va yo‘nalishlarini aniqlash, mamlakatda investitsiya muhitini va tashqi savdo faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish, mamlakatning ijobiy imijini shakllantirish va ilgari surish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kiradi.
LiveBarchasi