Lavrov Rossiya Eronga yordam jo‘natganini tasdiqladi
Olam
−
28 mart 4484 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov telefon orqali Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan suhbatlashdi hamda Eronga Rossiyadan yangi gumanitar yordam partiyasi yetkazib berilgani haqida xabar berdi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.
Suhbat davomida tomonlar Yaqin Sharqdagi davom etayotgan harbiy-siyosiy inqirozni ham muhokama qilgan. Rossiya tomoni bu vaziyatni AQSH va Isroilning Eronga qarshi “asossiz agressiyasi” bilan izohlagan.
Vazirlar mojaroni xalqaro huquq asosida diplomatik yo‘l bilan hal qilish istiqbollarini ham ko‘rib chiqqan. Bunda barcha mintaqa davlatlari, jumladan Eron va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi a’zolari manfaatlarini hisobga olish zarurligi ta’kidlangan.
Abbos Aroqchi suhbat davomida Rossiyaga ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan va Tehron AQSH hamda Isroil harakatlariga qaramay o‘z milliy manfaatlarini qat’iy himoya qilishini aytgan.
U, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik muammolari aynan Vashington va Tel-Aviv harakatlari oqibati ekanini ta’kidlab, Eron "agressor" davlatlar kemalarining o‘tishini cheklashga haqli ekanini bildirgan.
Rossiya mojaro boshidan beri Tehronni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. 2025 yilning yanvarida ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli strategik hamkorlik shartnomasi imzolangan bo‘lib, u o‘zaro harbiy yordam majburiyatini nazarda tutmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yaqin Sharqdagi mojaroni koronavirus pandemiyasiga o‘xshatgandi va uning oqibatlarini oldindan aniq aytish qiyinligini ta’kidlagandi.
Live
Barchasi