Lavrov Alyaskada “SSSR” yozuvi tushirilgan sviterda ko‘rinish berdi (video)
Olam
−
15 avgust 2025 28653 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Alyaskaning Ankorij shahridagi mehmonxonaga “SSSR” yozuvi tushirilgan sviterda keldi. Holat aks etgan video “Izvestiya” tomonidan e’lon qilindi.
Muxbir Tashqi ishlar vaziridan Alyaskada avval bo‘lgan-bo‘lmagani va bu yer unga yoqadimi, deb so‘radi. Diplomat birinchi savolga ijobiy javob berdi, biroq ikkinchi savolni javobsiz qoldirdi.
Rossiya va AQSH yetakchilari Vladimir Putin va Donald Tramp bugun, 15 avgust kuni Alyaskadagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida uchrashadi. Avvaliga Prezidentlar yakkama-yakka gaplashadi – ular bilan faqat tarjimonlar bo‘ladi. Keyinroq qolgan delegatsiyalar ham ularga qo‘shiladi.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy mojaro qanday yakunlanishi kerakligi bo‘yicha aniq pozitsiyaga ega va uni ushbu uchrashuvda yetkazish uchun zarur dalillar mavjud.
Rossiya yetakchisining yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar tarjimonlar ishtirokida mahalliy vaqt bilan soat 11:30da (Toshkent vaqti bilan 23:30) Tramp va Putin o‘rtasidagi yakkama-yakka o‘tishdan boshlanadi. Shundan so‘ng muzokaralar delegatsiya formatida davom etadi, shundan so‘ng ishchi nonushta o‘tkaziladi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Ushakovning o‘zi, Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Moliya vaziri Anton Siluanov, Rossiya Prezidentining xorijiy davlatlar bilan sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev kiradi. Muzokaralardan so‘ng Putin va Tramp qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazadi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi “Ukrainadagi kelishuv”, jumladan, 6 avgust kuni Kremlda AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff ishtirokidagi muhokamalar natijalarini hisobga olgan holda bo‘ladi. Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, ikki tomonlama hamkorlik, xususan, savdo-iqtisodiy sohadagi keng ko‘lamli masalalar ham muhokama qilinadi.