Laporta “Barselona” prezidentlik lavozimiga qayta saylandi

Sport

image

Kecha, 15 mart kuni “Barselona” klubi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda Joan Laporta yana “Barselona” prezidenti etib saylandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

63 yoshli mutaxassis saylovda raqibi Viktor Fontni ortda qoldirib, uchinchi bor klub rahbari bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Laporta 66,6 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozongan.

Natijalar e’lon qilingach, uning g‘alabani nishonlayotgan ilk daqiqalari kameralar tomonidan tasvirga olindi. Bu “Barselona” tarixidagi so‘nggi qariyb o‘ttiz yil ichidagi eng yirik saylov g‘alabalaridan biri bo‘ldi. Bungacha bunday yuqori natija 1997 yilda klubning sobiq prezidenti Xosep Luis Nunes tomonidan qayd etilgan bo‘lib, u o‘sha paytda 76 foizdan ortiq ovoz olgan edi.

Mazkur natija Laportaga klub tarixida to‘rtinchi bor prezidentlik qilish imkonini berdi (2003, 2007, 2021 va 2026-yillar). Bu esa uni “Barselona” tarixidagi eng nufuzli rahbarlardan biriga aylantirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berish huquqiga ega a’zolar soni 114 ming 504 nafarni tashkil etgan. Shundan 48 ming 480 nafar a’zo saylovda ishtirok etib, umumiy faollik 42,34 foizni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich 1997-yildan buyon eng past natija hisoblanadi.

Ovoz berish Kataloniya va Andorra hududlaridagi 122 ta saylov uchastkasida o‘tkazildi. Ularning asosiy qismi “Kamp Nou” stadionida joylashgan edi. Faqat Barselona hududining o‘zida 43 mingdan ortiq ovoz berildi. 

2021 yildagi saylov bilan solishtirganda, o‘shanda Laporta 54,2 foiz ovoz olgan edi. Uning yangi vakolat muddati 2031 yilgacha davom etadi. Shu vaqt ichida u klubning moliyaviy tiklanishini yakunlash, yangilanayotgan “Kamp Nou” stadionini to‘liq ishga tushirish hamda “Barselona”ning Yevropa musobaqalaridagi mavqeini tiklashni maqsad qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

saylov “Barselona” Joan Laporta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing