“Lans” Husanovni qanday kashf etgani ma’lum bo‘ldi

Sport

image

“Manchester Siti” va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning agenti G‘ayrat Hasbiullin futbolchining faoliyati qanday rivojlangani va unga qaysi Rossiya klublari qiziqish bildirgani haqida gapirdi. Bu haqda Hasbiullin “Sport-express” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Hasbiullinning aytishicha, Fransiyaning “Lans” klubi Husanovni 2023 yilda Argentinada bo‘lib o‘tgan U-20 Jahon chempionatida kuzatib borgan.

“Lans” skauti Argentina markaziy himoyachisini kuzatish uchun turnirga kelgandi. Birinchi o‘yin bizga qarshi edi va unga Abduqodirning o‘yini yoqdi. U klubning bosh skautiga qo‘ng‘iroq qilib: “Meni O‘zbekistonning ikkinchi o‘yiniga ham qoldiring, bu yerdagi bola menga juda yoqdi”, deydi. Keyin u ikkinchi uchrashuvni ham tomosha qildi, ikki o‘yin bo‘yicha hisobot tayyorlab, uni bosh murabbiyga yubordi. Murabbiy: “Uni menga toping”, degan”, deydi agent.

Uning aytishicha, bu voqeadan bir yil avval u Husanovni Yevropa klublariga taklif qilish uchun ko‘plab safarlarni amalga oshirgan.

“Ko‘pchilik mening aloqa ma’lumotlarimni saqlab qo‘ygan ekan. Keyin fransuzlar agent Andrey Stepanov orqali men bilan bog‘lanishdi. Shundan so‘ng “Lans” bilan muzokaralar juda tez boshlandi. Sport direktori va bosh murabbiy Abduqodirga ishonishlarini, uni Kevin Dansoning kelajakdagi o‘rnini bosuvchi sifatida ko‘rayotganlarini aytdi. Qizig‘i shundaki, oxir-oqibat Husanov Dancodan ham avval transfer qilindi”, deydi Hasbiullin.

Agentning so‘zlariga ko‘ra, Husanovning Belarusga yo‘l olishi ham tasodifiy qaror bo‘lmagan.

“U yerda Anatoliy Yurevich ishlardi. U yosh iste’dodlarni rivojlantirish bo‘yicha katta obro‘ga ega murabbiy. Abduqodir undan haligacha minnatdor. Bilaman, u Jahon chempionatidan keyin Yurevich bilan uchrashishni rejalashtirgan”, deydi u.

Hasbiullin, shuningdek, Rossiya klublari ham Husanovga qiziqqanini tasdiqladi.

“Yuriy Syomin mendan nega Rossiya skautlari bunday iqtidorni vaqtida payqamaganini so‘ragandi. Aslida ular payqashgan. “Sochi”dan tashqari, “Alaniya” ham Husanovni o‘z safiga qo‘shib olishni istagan. Bu vaqtda u allaqachon Belarusning “Energetik-BGU” klubida to‘p surayotgan edi”, dedi agent.

Uning ta’kidlashicha, Husanovning asosiy maqsadi avvaldan Yevropa bo‘lgan.

“O‘shanda Abduqodirni deyarli hech kim tanimasdi. U 17 yoshida Belarusga ketgan, hatto “Bunyodkor”ning zaxira jamoasida ham o‘ynamagandi. Uning orzusi doimo Yevropa bo‘lgan. Menimcha, o‘sha paytda Rossiya klubi taklif bilan chiqqan taqdirda ham, Abduqodir rad javobini bergan bo‘lardi. Bugungi kunda ham ko‘plab iqtidorli o‘zbekistonlik yosh futbolchilar Rossiya Premer-ligasida o‘ynashni istamaydi. Bunga ma’lum darajada liganing xalqaro izolyatsiyasi ham sabab bo‘lmoqda. Katta maqsad qo‘ygan futbolchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa klublariga yo‘l olishga harakat qilishadi”, deydi Hasbiullin.

Ma’lumot uchun, 2025 yilning qishida Abduqodir Husanov Fransiyaning “Lans” klubidan 40 million yevro evaziga Angliyaning “Manchester Siti” jamoasiga o‘tgandi. O‘zbekistonlik himoyachi “shaharliklar” bilan 2029 yilning yozigacha mo‘ljallangan to‘rt yarim yillik shartnoma imzolagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing