“Labubu” o‘yinchog‘i asoschisi dunyoning eng boy 100 kishisi ro‘yxatiga kirdi
Bu qiziq
−
29 avgust 9918 2 daqiqa
Xitoydagi Pop Mart o‘yinchoqlar do‘konlari tarmog‘i egasi, “Labubu” o‘yinchoqlari ishlab chiqaruvchisi Van Ning “Bloomber Billionaires Index” reytingida dunyoning eng boy 85-odami bo‘ldi. Bu haqda ushbu nashr ma’lumotlarida keltirilgan.
Reytingga ko‘ra, uning boyligi 26,5 milliard dollarga baholanmoqda. Yil boshidan buyon Van Ningning kapitali 18,8 milliard dollarga ko‘paygan.
Ma’lumot uchun, 10 yil avval gonkonlik dizayner Kasing Lung o‘zining “The Monsters” kitobi uchun “Labubu” qahramonini o‘ylab topgan. Tishlari o‘tkir va quloqlari katta bo‘lgan bu elf darhol muxlislar orasida mashhurlikka erishgan. 2019 yilda Pop Mart kompaniyasi turli rangdagi “Labubu” osma o‘yinchoqlarini ishlab chiqara boshlagan. O‘yinchoqlar “syurpriz-boks”larda sotilgan, ya’ni xaridor oxirgi daqiqagacha unga qaysi o‘yinchoq tushganini bilmagan. Bu usul savdoni keskin oshirgan va odamlar butun kolleksiyani yig‘ish uchun imkon qadar ko‘proq boks sotib ola boshlagan. Bugungi kunda shu tariqa “Labubu” o‘yinchog‘i mashhurlikka erishdi.
Qayd etish joiz, dunyoning eng boy kishilari reytingida birinchi o‘rinni amerikalik tadbirkor Ilon Mask egallab turibdi. Uning boyligi 386 milliard dollarga baholanmoqda. Ikkinchi o‘rinda – Oracle korporatsiyasi asoschisi Larri Ellison (289 milliard dollar). E’tiborlisi shundaki, yil boshidan buyon Ellison o‘z boyligini 96,4 milliard dollarga oshirgan. Uchinchi o‘rinda – Meta kompaniyasi hamasoschisi Mark Sukerberg (262 milliard dollar), u yil boshidan beri 55,2 milliard dollarga boyigan.
Birinchi beshlikka, shuningdek, Amazon kompaniyasi asoschisi, Blue Origin aerokosmik kompaniyasi egasi Jeff Bezos (250 milliard dollar) va Google’ning bosh kompaniyasi Alphabet ijrochi direktori (CYeO) Larri Peyj (185 milliard dollar) ham kirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bloomberg Billionaires Index”ida joriy yil boshidan beri rossiyalik tadbirkor va milliarder Alisher Usmonovning boyligi 3,12 mlrd dollarga ko‘paygani xabar qilingandi.
Live
Barchasi