IIBBda ko‘zbo‘yamachilikka bosh bo‘lgan Sayfutdinova chizilgan niqoblarga izoh berdi
Jamiyat
−
19 iyun 2020
44107Kecha saytimizda “Toshkent shahar IIBB yana “qovun tushirdi” nomli maqola e’lon qilingandi. Unda bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boruvchi ichki ishlar xodimlarining o‘zi niqobsiz yurgani, tanqid qilingan. Qoidani buzgani yetmaganidek, organ xodimlari o‘z aybini yashirish uchun fotoshop dasturi orqali niqoblar chizib olgan va bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining kulgisiga sabab bo‘ldi.
QALAMPIR.UZ ushbu ko‘zbo‘yamachilik holati bo‘yicha Toshkent shahar IIBB Matbuot kotibi Irina Sayfutdinovadan izoh so‘radi. U xodimlar tibbiy niqobni suratga tushish uchun yechganini ma’lum qildi.
“Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati suratga tushish uchun atayin yechilgan niqoblarni fotoshopda chizib qo‘yib, xato qilganini tan oladi. Xodimlarga suratga tushayotganda niqoblarni yechish mumkinmasligi, blokiratorlarga ishonib bo‘lmasligi tushuntirildi”, dedi Irina Sayfutdinova.
Matbuot kotibi boshqarma xodimlari fuqarolarga yordam berib kelayotganini, suratlar hisobot uchun e’lon qilinganini aytib o‘tdi.
Sayfutdinova IIBB xodimlari niqobsiz bo‘lgani uchun jazolanadimi degan savolga javob berib, ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi