Ko‘z ko‘zga tushganda: Putin Bayden bilan shaxsiy suhbati haqida so‘zlab berdi
Olam
−
17 iyun 2021
10488Kecha, 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Rossiya-AQSH sammiti bo‘lib o‘tdi. Hashamatli La Granj qasrida ikki mamlakat Prezidenti Vladimir Putin va Jo Bayden uchrashdi. Ma’lum bo‘lishicha, tor doiradagi muzokaralar vaqtida ular shaxsiy hayot haqida ham suhbat qurgan.
“Prezident Bayden meni mehmonga chaqirmadi. Men ham bunday taklif bilan chiqmadim. Suhbatimizdan kelib chiqib aytishim mumkinki, menimcha u juda og‘ir, bosiq va konstruktiv siyosatchi. Kutganimdek, juda tajribali bo‘lib chiqdi, bu yaqqol sezildi”, deydi Rossiya rahbari sammitdan so‘ng, o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Vladimir Vladamirovichga ko‘ra, AQSH rahbari suhbat chog‘ida oilasidan so‘z ochgan. Xususan, onasi haqida gapirgan.
“U [Bayden] ozroq oilasidan gapirib berdi. Onasi u bilan nimalar haqida suhbat qurganini esladi. Buning ishga aloqasi bo‘lmasa-da, bu o‘ta muhim narsalar. Bu uning axloqiy qadriyatlari darajasida darak beradi. Bularning barchasi yetarlicha jozibali. Biz xuddi bir tilda suhbatlashgandekmiz”, deya ta’kidladi Rossiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Jeneva sammiti tugaganidan so‘ng, ikki davlat rahbari noodatiy usulda alohida-alohida matbuot anjumani o‘tkazgan. AQSH Prezidenti o‘z chiqishida Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash uchun istiqbollar mavjudligi, ammo o‘rtada barcha amal qiladigan umumiy asosiy qoidalar bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi