Ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilgan 14 kishi jazolandi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda o‘tgan bir yil mobaynida ko‘pxotinlilikni targ‘ib qilgan 14 nafar shaxs jazolandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 31 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuniga muvofiq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 47-8 (ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish) hamda 189-2 (jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish) moddalari bilan to‘ldirilgan.

O‘tgan bir yil mobaynida 47-8-modda bilan bugunga qadar 14 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 13 nafariga ma’muriy jarima, 1 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

189-2-modda bilan 7 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning barchasiga ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasiga ko‘ra, ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bundan tashqari, Oila kodeksining 16-moddasiga asosan loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek, bunday xatti-harakatlarni rag‘batlantirish BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 million 950 ming so‘mdan 9 million 900 ming so‘mgacha) jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shaxsiy Instagram sahifasida “ayol kishi har qanday vaziyatda ham eriga itoat qilishi kerak” mazmunidagi videorolik joylagan blogerlar ma’muriy javobgarlikka tortilgandi. 2023 yilning dastlabki olti oyi mobaynida esa 4 nafar fuqaro ko‘p xotinli bo‘lgani uchun sudlangan. 2018-2022 yillar davomida Jinoyat kodeksining 126-moddasida (ko‘p xotinli bo‘lish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun 34 nafar shaxs sudlangan bo‘lib, ularga tegishli jazo tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Ko'pxotinlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar