Kuper ishonchi yoxud ikki omadsizning kelajagiga nazar
Tahlil
−
14 mart 2019
13550Har qanday raqibga qarshi maydonga tushar ekansan, avvalo, uni taslim etishga o‘zingda ishonch yuqori bo‘lishi lozim. Sarlavhada bekorga “Kuper ishonchi” atamasini keltirmadim. Rostdan ham bu mutaxassisda har doim ishonch yetarli darajada bo‘lgan. Agar u o‘ziga ishomaganda o‘rtamiyona “Malorka” bilan Ispaniya kubogi finaligacha yetib bormagan, keyingi mavsumda Superkubok finalida kimsan “Barselona”ni taslim etib, “Malorka” tarixidagi ilk sovrinni klub muzeyiga taqdim etolmagan bo‘lardi. Lekin afsuski, ushbu kubok nafaqat “Malorka” uchun, balki terma jamoamiz murabbiyi uchun ham yagona sovrin bo‘lib turibdi.
Unga grand jamoalarni boshqarish nasib etmagan. U murabbiylik qilgan jamoalar nari borsa O‘zbekiston termasi darajasida edilar. E’tiroz bildirishga shoshilmay turing. Men Osiyo darajasidagi O‘zbekistonning mavqeyini aytmoqdaman.
Ektor Kuper “Malorka”, “Valensiya”, “Inter” kabi klublarda ishlab ularni raqobatbardosh jamoalarga aylantira olgan edi. Ushbu mutaxassis boshqarmasdan oldin klublar o‘rtamiyona saviyada edilar. U ishladi. Jamoani birlashtira oldi. Jamoaviy o‘yinni shakllantirdi. Sheriklarini oldinga sudraydigan yaqqol yetakchi bilan emas, uning jamoasi bir butun holda kuchli edi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun murabbiyning ishonchi va irodasi mustahkam bo‘lishi zarur.
Shu o‘rinda Kuperning irodasiga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. U o‘zi ishtirok etgan finallarning deyarli barchasida mag‘lub tomonda bo‘lgan. Har doim sovringa bir qadam qolganda taqdir uning ustidan kulib, omadni raqibga sherik qilib quyaverar edi. U YeCHL finaliga ketma-ket ikki marta chiqib omadsizlikka uchragan. Ayniqsa oxirgi finalida penaltilar seriyasiga ko‘ra “Bavariya”ga mag‘lub bo‘lganda, go‘yoki uni baland bir qoyadan tashlab yuborgandek bo‘lishgandi.
Kuper har gal yiqilganda ishonch bilan yana o‘rnidan tura olgan. Xuddi bizning milliy termamiz muxlislari kabi. Sezdingiz, sarlavhamizning ikkinchi qismidamiz. Terma jamoamizning omadsizliklarini bir-bir sanab dilingizni yana xira qilmoqchi emasman. Faqat har gal qayta tura olganimizni eslatmoqchi bo‘lyapman, xolos.
Yodingizdadira, ilk bor bizda umid uyg‘ongan damlar. Jahon chempionati mezbonligi Janubiy Koreya va Yaponiyaga topshirilganda, o‘zimizcha xursand bo‘lgan edik. Go‘yoki jiddiy raqiblarimiz yo‘limizdan chetga chiqqan, biz esa o‘zimizning darajadagi jamoalarni yutsak, jahonning eng nufuzli turnirida ishtirok etamiz. Xuddi shunday xayol surgan edik o‘shanda. Lekin yakunda hammasi xom bo‘lib chiqqan edi.
Keyin 2006 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun juda yaqin kelgandik. Deyarli hammasi cho‘natkda edi. Pley-offda Bahraynni taslim etsak, Shimoliy Amerikaning Trinidad va Tabagosiga raqib bo‘lar edik. Lekin biznikilar Bahrayn bilan ikki o‘yinda ham durrang o‘ynab, shirin xayollarimizni barbod qilgan edi. O‘sha saralashda hammamiz bu biz uchun oxirgi imkon: agar hozir chiqolmasak keyin butkul bunday imkoniyat bo‘lmaydi deb niyat qilib yuborgandik. Hali-hamon o‘sha qora niyatimizning ro‘yobini ko‘rmoqdamiz. Nega biz o‘shanda oxirgi imkon sanab bunga yopishganmiz, chunki bizning afsonamiz Mirjalol Qosimov yashil maydondagi faoliyatining so‘nggi damlarini boshdan kechirmoqda edi.
2010 yilgi saralashda esa yana hammasi takror sodir bo‘ldi. Yana Bahrayn bizni ortda qoldirdi. Bu gal esa yaxshi ko‘rib qolganimiz butun bir avlod uchun qayg‘urgandik o‘shanda va yana buni so‘nggi imkon deb hisobladik.
Umidlardan ham ayrilib bo‘lgan damlarimizda Vadim Abramov deganlari paydo bo‘lib qoldi. Yana hammamizni birlashtirib orzu qilishga, nimagadir ishontirishga kirishib ketdi u. Ilk marta Osiyo Kubogida yarim finalga yetib bordik. Ilk marta Yaponiyani safarda taslim etdik. Hamma yo‘llar go‘yoki bizni JARga olib ketayotgan edi. Ammo O‘FF boshimizga balo bo‘lib, Abramovni termadan haydab soldida, orzularimizni bira to‘la ko‘mib qo‘ya qoldi.
Oxirgisi esa, shunchaki alamlar, alamlar... Hammamizni yeb bitirdi bu alamlar! Shunday qilib biz Kuper kabi faqat finallarda omadsizlikka uchraganmiz. Saralash finallarida!
O‘tgan yili ikki omadsizning yo‘li bir-biri bilan tutush keldi. Kuperning o‘ktam nigohlari bizga ishonchni qaytarmoqda. Har gal matbuot anjumanlarida u bot-bot bu haqda so‘zlayverib, bizni ham o‘yg‘otmoqda. U shunchaki gaplari bilan emas, maydondagi o‘yinlari bilan ham bizni qaytara oldi. Nima bo‘lsa ham so‘zga kirmas omad bu gal Kuper va biz tarafda bo‘lsin. Zero biz ham, Kuper ham omadsizliklardan juda charchadik.