Kunde “Barsa” futbolchisi. Qarzga botgan klub transferlar uchun pulni qayerdan olmoqda?

Sport

image

Fransiya terma jamoasi va “Sevilya” klubi futbolchisi Jyul Kunde rasman “Barselona”ga o‘tdi. Bu haqda Kataloniya klubi matbuot xizmati xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Kunde “ko‘k anorranglilar” uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tib bo‘lgan. “Barselona” fransiyalik futbolchi uchun Andalusiya klubiga 50 million yevro to‘laydi. Shuningdek, “Sevilya” yana 5 million yevro bonus olishi ham mumkin.

Kundega soliqlardan tashqari yiliga 6 million yevro maosh to‘lanishi va shartnoma besh mavsumga mo‘ljallanganligi haqida ma’lumot berilgan.

Qayd etish kerakki, “Barselona” yozgi transfer oynasining eng faol klublaridan biri bo‘lmoqda. “Ko‘k anorranglilar” ushbu yozda Kundedan tashqari, Robert Levandovski va Rafinya uchun 100 million yevrodan ko‘proq pul sarfladi. Qolaversa, Frank Kesse va Andreas Kristensen erkin agent maqomida “Barsa” tarkibiga kelib qo‘shildi.

Bir qarashda “Barselona”da hammasi joyidadek tuyilmoqda. Ammo unutmaslik kerak, Kataloniya klubidagi moliyaviy inqiroz bartaraf etilgani yo‘q. Jamoada 1,4 milliard yevrolik qarz yig‘ilib qolgan. “Barsa” ushbu yozda amalga oshirgan transferlari uchun pulni kelajakdan oldi desa ham bo‘ladi. Ya’ni, klub televizion huquqlarning 10 foizini 20 yilga Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Sixth Street” sarmoyaviy kompaniyasiga sotdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, xuddi shu kompaniya “Barselona” TV huquqlarining yana 20 foizi uchun 400 million yevrodan ko‘proq pul to‘ladi. Bu degani Kataloniya klubi translyatsiyalardan keladigan daromadlarning 30 foizidan 20 yilga ayrildi. Xavi va Loparta tuzayotgan jamoa natija ko‘rsatishni boshlasa, yuqoridagi bitim jamoa manfaatlariga unchalik ta’sir qilmasligi mumkin. Aks holda, “ko‘k anorranglilar” hozirgidan ham yomonroq moliyaviy tushkunlikka yo‘liqishi mumkin.

Shuningdek, yozdagi katta “shopping”lar tufayli “Barselona” tarkibidagi futbolchilarning bir-ikkitasidan qutulishi zarur. Moliyaviy feyr-pley qoidalarga ko‘ra, “ko‘k anorranglilar” yangi futbolchilar Ispaniya La Ligasi uchun ro‘yxatdan o‘tkaza olmasligi mumkin. Sababi kataloniyaliklar transferlar uchun 150 million yevrodan ko‘proq pul sarflab o‘zlari esa futbolchilarni sotishdan bir chaqa ham ishlamadi. Albatta, bu holat moliyaviy balansning buzilishiga olib keladi. Buni Ispaniya klubi rahbariyati ham yaxshi tushunadi. Shuning uchun, ular Frenki de Yongni sotuvga qo‘yishdi. Aksiga olib, niderlandiyalik yarim himoyachi “Barsa”dan ketmaslik uchun oyoq tirab turib olgan. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, “Barsa” transfer oynasi yopilgunga qadar Frenkini sotishning yo‘lini topishi shart. Ask holda, yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolar paydo bo‘lishi hech gapmas.


Maqola muallifi

Teglar

Frenki de Yong “Barselona” Jyul' Kunde Frank Kesse “Sixth Street” Andreas Kristensen

Baholaganlar

45

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing