“Ko‘mir operatsiyasi”. Andijon va Buxoroda xalqqa ajratilgan minglab tonna yoqilg‘i o‘g‘irlandi
3-sahifa
−
22 noyabr 2023
6298Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi tomonidan “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Qo‘rg‘ontepa ko‘mir omborida tergovga qadar tekshiruv ishlari o‘tkazilgan.
Unda mazkur omborning mas’ul shaxslari aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan 2 155 tonna ko‘mirni soxta hujjatlar rasmiylashtirish orqali boshqa shaxslarga sotib, pullarini esa o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.
Buxoro viloyatining Vobkent tumanida sodir etilgan shu kabi holatda esa "Ko‘mir ta’minot" MCHJning Vobkent ko‘mir ombori mas’ul shaxslari 455,7 tonna ko‘mirni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon tumanida 362,3 million so‘mlik, Buloqboshi tumanida 178,3 million so‘mlik, Jalaquduq tumanida 421,7 million so‘mlik, Izboskan tumanida 1007,9 tonna, Paxtaobod tumanida esa 873,2 tonna ko‘mir talon-toroj qilingani haqida xabar berilgan edi.
Shuningdek, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida 623,7 tonna, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 413,8 million so‘mlik 1 tonna 364,3 kilogramm, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida esa 464,6 tonna ko‘mir o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingandi.
LiveBarchasi