“Kulishadi, ammo men yashashda davom etaman”. Og‘ir qismat qaddini buka olmagan qiz hikoyasi

Olam

image

Qozog‘istonlik Yaroslavaning hikoyasi kishi ko‘nglini larzaga soladi. Hayot mashaqqatlarini boshidan erta kechirgan 17 yoshli bu qiz keng bilimga va qat’iy irodaga ega. U og‘ir qismatini sharaf, deya qabul qilgan.

Yaqinda qiz bilan bo‘lgan suhbatda Yaroslava shifokorlar unga qanday noto‘g‘ri tashxis qo‘yishgani, nima uchun otasini qidirayotgani va maktab vaqtidagi xotiralarini aytib berdi.

O‘zgacha chaqaloq va izsiz g‘oyib bo‘lgan ota

Yaroslava Qozog‘istonning shimoli-g‘arbiy qismida – Qo‘stanay shahrida yashaydi. Qiz oilada uzoq kutilgan bola edi. Ammo, afsuski, uning tug‘ilishi ota-onasining ajralishiga olib keldi. Ota bunday sinovni ko‘tara olmadi va xotinini yangi tug‘ilgan chaqalog‘i bilan tashlab ketdi.

"Dadam bizni tug‘uruqxonada qoldirganida, u mening o‘zgacha ekanligimni bildi. Bir necha oydan keyin paydo bo‘ldi, onamga tagliklar uchun bir oz pul berdi", deydi qiz.

Onasi Yekaterina Oleynik qizini yolg‘iz o‘zi tarbiyaladi. Yaroslava katta bo‘lganida, u dadasini topishga harakat qildi va u muvaffaqiyatga erishdi ham. Qiz otasini ijtimoiy tarmoqlardan qidirdi va dadasiga bir necha bor xat yozdi. Biroq uning barcha harakatlari zoye ketdi, javob bo‘lmadi.

Yaroslava haqiqatan ham otasi bilan gaplashishni, uning ishlari qandayligini bilishni istashini tan oladi. Maktabdagi darslarda hatto 3 baho olmaganini, 9-sinfdan keyin qishloq xo‘jaligi kollejiga oshpaz sifatida o‘qishga kirganini aytishni xohlaydi.

Aytgancha, Yaroslava bu mutaxassislikni tasodifan tanlamagan. Uning buvisi – ajoyib oshpaz. Shu sabab qiz oilaviy sulolani davom ettirishga qaror qildi, qarindoshlarini mazali taomlar bilan siyladi.

Maktab davri xotiralari

Suhbat davomida Yaroslava maktabdagi do‘stlari va tanishlari uning o‘ziga xos tashqi ko‘rinishiga qanday munosabatda bo‘lganligi haqida ochiq gapirdi.

"Bu juda kulgili edi, ayniqsa, quyi sinflarda. Oshxonada doim bolalarning nigohi menda bo‘lardi. Ulardan biri kelib: “Senga nima qildi?”, deb so‘radi. Men unga “Fiksiki” multfilmida ishlatilgan ibora bilan javob qaytardim – “Bu katta sir!”, deya eslaydi qiz.

Yaxshiyamki, tengdoshlari Yaroslavani hech qachon xafa qilishmagan. Aksincha, ular qizni qo‘llab-quvvatlashgan va har doim ruhiyatining kuchiga qoyil qolishgan.

Shifokorlarning noto‘g‘ri bashorati

Yosh xonandaning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy shifokorlar uning atigi bir-ikki oy umri qolganini aytgan. Biroq Yaroslava yashab qoldi. Hozir qiz 17 ga kirdi. Ko‘plab sinovlarga va jiddiy jarrohlik amaliyotlariga qaramay, qozog‘istonlik qiz tushkunlikka tushmadi va porloq kelajakka ishonadi.

"Men juda ko‘p jarrohlik amaliyotini boshimdan o‘tkazdim. Rinoplastikadan tortib uranoplastika operatsiyalarini ham ko‘rdim... Endi burnimning implantatsiyasi uchun rekonstruktiv rinoplastika kerak.

Nafas olishda muammolarim bor, ba’zida tunda bo‘g‘ilib chiqaman... Shifokorlar ko‘zlarimga tegishmaydi: chap ko‘zimdagi asab tolalari juda maydaligi sabab uni hech narsa qilib bo‘lmas ekan. Lekin men o‘ng ko‘zim bilan yaxshi ko‘raman", dedi qiz.

Ayni paytda uning oilasi Yaroslavaga kerak bo‘lgan qimmat operatsiya uchun mablag‘ yig‘moqda. Qizning onasi farroshlik qilib, oz miqdorda maosh oladi. Shuning uchun ular sahovatpesha odamlardan yordam so‘rashlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Yaroslavaning o‘zi onasiga har tomonlama yordam berishga harakat qilmoqda. 2017 yilda u Instagram’da blog ochdi. U yerda o‘zini yangi musiqachi, deb e’lon qildi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali qizga yordam berishmoqda va unga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishmoqda.

Uning rejalari...

Suhbat yakunida Yaroslava o‘zining kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Qiz o‘n yil ichida haqiqiy artist sifatida katta sahnaga chiqishni orzu qilishini tan oldi.

Bundan tashqari, qiz turli mamlakatlarga sayohat qilish va yangi odamlar bilan o‘rtoqlashishni orzu qiladi.

Yaroslavaning do‘stlari ko‘p emas, ammo borlari ham unga haqiqiy do‘stlardir.

Qiz o‘z blogida musiqiy ijodidan tashqari, o‘z fikrlari va his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashadi.

"Karantin paytida miyamdagi barcha keraksiz ma’lumotlarni o‘chirib tashladim. Psixologiya bo‘yicha kitoblarni o‘qidim, sahifamni yopdim, “VKontakte”dagi kaverlarimni o‘chirib tashladim. O‘z-o‘zimga faqat menga qiziqarli bo‘lgan narsalar bilan shug‘ullanaman, deb va’da berdim. Hayotni keng ko‘lamda o‘rgana boshladim.

Bular juda qisqa ishlar, ammo ularning barchasi mening foydamga xizmat qilmoqda. Kaverlar haqiqatan ham kamroq bo‘ladi, chunki hozir men ushbu bosqichni biroz to‘xtatmoqchiman (hech bo‘lmaganda karantin tugaguniga qadar). Ko‘proq she’riyat, muloqot, madaniyat va estetikaga diqqatimni qaratmoqchiman”, dedi qiz.

Bundan tashqari, Yaroslava davolanish jarayoni haqida muntazam ravishda gapiradi. G‘amxo‘rlik qilayotgan barchaga samimiy minnatdorchilik bildiradi.

"Barchaga salom. Men sizga tashakkur aytmoqchiman. Chunki sizsiz hamon qo‘llarimni qovushtirib o‘tirgan bo‘lardim. Ko‘p odamlar, bu vaqt ichida nima qilganimizni va qanday qilganimizni bilishga qiziqmoqda. Shuni aytishim mumkinki, mening kasalligimga ixtisoslashgan shifoxonalardan birini topdik. Berlinda menga zarur jarrohlik amaliyotlarini qilishar ekan”, dedi Yaroslava. 

Onasi bilan suhbatdan so‘ng, u ushbu operatsiyadan qo‘rqishini aytdi. 

“Nima uchun? Chunki men boshqacha bo‘laman. Xarakterdan hech narsa o‘zgarmaydi, faqat tashqi ko‘rinish o‘zgaradi. Va o‘z-o‘zimga va’da berdimki, agar ular bu operatsiyani bajarishsa, o‘zim tayyor bo‘lmaganumcha bintlarni yechmayman (hech bo‘lmaganda oynaga va kameraga qaramayman).

Kulishadi, ammo men shifoxonalarga so‘rovlar yuborishda davom etaman. Uxlamayman, boshqa narsa haqida o‘ylamayman, lekin buni imkon qadar tezroq qilishga tayyorman. Hammani yaxshi ko‘raman va quchaman”, deyiladi Yaroslavaning so‘nggi postlaridan birida.

"Sen ajoyib motivatorsan!”

Uning Instagram'dagi sahifasida 6000 dan ortiq obunachi bor va bu raqamlar o‘sib bormoqda. Unga a’zo bo‘lganlar yosh qo‘shiqchinining g‘ayrat-shijoati, irodasi va xushchaqchaqligiga qoyil qolgan holda uni qo‘llab-quvvatlamoqda.

"Sen ajoyib motivatorsan! Sen kouch-trener bo‘lishing kerak!!! Kuchli energiya, rahmat", "Bu men eshitganlarning eng yaxshisi, chindan ham aqlli", "Sen qanday ajoyibsan! Umidsizlikka tushma", deb yozadi uning obunachilari. 


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

143

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing