Kosmonavtlar maydonini “tyuning” qilishga ruxsat tegdi, ammo...

Jamiyat

image

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Kosmonavtlar maydonida Vladimir Jonibekov haykali oldidagi granit plitalar joyiga qaytariladi. Bu haqda Madaniy meros agentligi agentligi Matbuot kotibi ma’lum qildi.

Agentlik vakiliga ko‘ra, kecha, 15 fevral kuni Agentlik ilmiy kengashi majlisi o‘tkazilgan. Kengash ob’ektning tarixiy badiiy qimmatiga ta’sir ko‘rsatmagan holda rekonstruksiya loyihasiga ruxsat bergan.

“Madaniy meros ob’ektining loyihaviy, tarixiy va badiiy qiymatiga ta’sir ko‘rsatmagan holda ob’ektdan olingan plitkalarni ham joyiga qaytarish sharti loyihaga ruxsat berilgan. U yerning plitkalari ham madaniy meros hisoblanadi”, deydi agentlik matbuot kotibi.

Ilmiy kengash yig‘ilishida madaniy meros ob’ekti hududida noqonuniy qurilish ishlari olib borilgani uchun qurilish kompaniyasini javobgarlikka tortish borasida og‘iz ochilmaganga o‘xshaydi. Agentlik vakili qonunga zid harakat uchun javobgarlikka tortiladimi degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Bu haqda hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q”.

Ilmiy kengash esa taqdim etilgan loyihaga qo‘shimcha qilib mavjud bo‘lgan tarh yechimlarini taqdim etish sharti bilan ruxsat bergan.

Qayd etish kerakki, Kosmonavtlar maydonidagi plitalar ko‘chirish vaqtida butunlay sindirib, yaroqsiz holatga keltirilgan. bu holatda ular qanday qilib qaytarilishi dargumon.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Kosmonavtlar maydoni Vladimir Jonibekov haykali oldidagi granit plitalar buzib tashlanayotgani haqida e’tirozli xabarlar tarqalgani, qurilish Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi tomonining ruxsatisiz boshlangani, shu bois “MIMAR GROUP” MCHJga ogohlantirish xati berilgani haqida xabar bergan edik.

Munozalarga sabab bo‘lgan holat bo‘yicha kecha, 15 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi Kosmonavtlar maydonida boshlangan ta’mirlash ishlari haqida ma’lumot berdi. Ammo, hokimlik bu ta’mirlash ishlarining nima sababdan o‘zboshimchalik bilan boshlangani haqida lom-lim demadi.

Keyinroq Yakkasaroy tumani hokimi madaniy meros ob’ektida ishlarni boshlab yuborgandan keyin qonuniy ruxsat olish harakati boshlanganini tushunmovchilik deb izohlab qo‘ya qolgan.

Katta bahs-munozaralarni keltirib chiqargan ushbu holatni o‘rganish maqsadida Bosh vazir Abdulla Aripov, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham Kosmonavtlar maydoniga yetib borgan. Shunda ma’lum bo‘ldiki, loyiha byudjet mablag‘idan emas, AKFA kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilgan. Endi navbatdagi masala kun tartibiga chiqdi: jamoatchilik AKFA kompaniyasining bu hotamtoyligi ortida nima turgani bilan qiziqmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

124

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing