Kuch tejash niyatimiz yo‘q – Islom Ismoilov
Sport
−
07 aprel
2248Futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov Xitoyga qarshi o‘yindan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Xitoy biz albatta yengishimiz kerak bo‘lgan jamoalardan biri edi. Futbolchilarga ortiqcha bosim tushmasligi uchun so‘nggi uch kun davomida ular bilan doimiy suhbatlar olib bordik. Baribir bu Jahon chempionatiga yo‘llanma beradigan turnir bo‘lgani uchun hissiyotlar kuchli bo‘ladi”, deydi Ismoilov.
Murabbiy o‘tkazib yuborilgan gol va amalga oshirilgan kambek haqida to‘xtaldi.
“Birinchi bo‘limda raqibning qarshi hujumi oqibatida gol o‘tkazib yubordik. Tanaffusda yigitlarga o‘yinimiz yaxshi ketayotganini aytdik va ularning ruhiyatini ko‘tarishga harakat qildik. Biz Xitoy terma jamoasining 60-daqiqalardan so‘ng o‘tish fazalarida muammolarga duch kelishini oldindan o‘rgangan edik. Kutilganidek, ular charchay boshladi va biz aynan shu pallada o‘z imkoniyatimizdan foydalandik. Keyingi o‘yinda ham g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Kuch tejash niyatimiz yo‘q”, deydi murabbiy.
Qayd etish joiz, Xitoy o‘smirlar terma jamoasi ustidan qozonilgan g‘alaba orqali Ismoilov shogirdlari joriy yil Qatarda o‘tkaziladigan mundial yo‘llanmasini naqd qildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi keyingi o‘yinini 9 aprel kuni mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv Toif shahrida, Toshkent vaqti bilan 22:15 da start oladi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel