Kuba Prezidenti 22 yil ichida ilk bor Eronga bordi
Olam
−
04 dekabr 2023
4860Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel 22 yil ichida ilk bor Eronga tashrif buyurdi. Bu haqda “Tasnim” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 3 dekabr kuni kechqurun Tehronga yetib borgan Migel Dias-Kanelni Eron Sog‘liqni saqlash, davolash va tibbiy ta’lim vaziri, Eron va Kuba o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya raisi Bahrom Ayollohiy kutib olgan.
Bugun, 4 dekabr kuni ertalab Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Saadobod tarixiy-madaniy majmuasida kubalik mavqedoshini rasman qarshilagan.
Ikki davlat oliy mansabdor shaxslari hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar va anglashuv memorandumlarini imzolashi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Dias-Kanel Eronning bir qator rasmiylari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazishi hamda Kuba bilan hamkorlikda tibbiyot va farmatsevtika sohalarida erishilgan so‘nggi qo‘shma yutuqlarni namoyish etuvchi ko‘rgazmaga tashrif buyurishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu Kuba rahbarining 2001 yilda Fidel Kastro Eronga kelganidan buyon respublikaga ilk tashrifidir.
Ma’lumot uchun, 12 yillik tanaffusdan so‘ng, joriy yilning iyun oyida Eron Prezidenti Gavanaga borib, kubalik mavqedoshi bilan uchrashgan. Ikki Prezident ishtirokida Eron va Kuba ikki tomonlama iqtisodiy, siyosiy va sud tizimi sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan oltita kelishuv imzolangan.
LiveBarchasi