Kriminal avtoritet “Jora Tashkentskiy” Misrda qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
27 iyul 11651 2 daqiqa
Jinoyat olamida “Vor v zakone” sifatida tanilgan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida ko‘plab jinoyatlarni sodir etgan “Jora Tashkentskiy” Misrning Sharm el-Sheyxida qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Jora Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Sorokin Georgiy Nikolayevich 1972 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U sport ustasi bo‘lgan. Sorokin ilk jinoyatini 1990 yilda 18 yoshida sodir etib, yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 1990 yildan buyon O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston hamda boshqa chet davlatlarda sodir etgan jinoyatlari bo‘yicha sudlanib, jazoni ijro etgan.
Keyinchalik ushbu shaxs bosqinchilik, talonchilik, tovlamachilik, noqonuniy qurol va giyohvand modda saqlash kabi bir qancha jinoiy qilmishlarda aybdor deb topilgan. Shuningdek, Sorokinning yonida qalbaki Rossiya fuqarosi pasporti borligi aniqlanib, ushbu pasportdan foydalanib, yillar davomida bir qancha davlatlar bo‘ylab harakatlangan.
2021 yil Toshkent shahrida “Jora Tashkentskiy” jinoiy sheriklari Jumayev, Jo‘rayev va boshqa shaxslar bilan til biriktirib, umumiy qiymati 350 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan ikkita uyni o‘zlashtirib olgan. U tovlamachilik yo‘li bilan uy egasini qo‘rqitib, urib-do‘pposlab, oila a’zolariga zo‘rlik ishlatib, xonadonlarni sheriklari nomiga rasmiylashtirib olgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan o‘ta xavfli retsidivistga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) uchinchi qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.
Ma’lum qilinishicha, huquqni muhofaza qilish idoralari va Interpol orqali yo‘lga qo‘yilgan samarali xalqaro hamkorlik natijasida uzoq vaqt davomida yashirinib yurgan o‘ta xavfli retsidivist Misr davlatidan O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilingan.
Barcha zarur xalqaro huquqiy tartib-taomillar natijasida qidiruvdagi shaxs Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirilgan va O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun mamlakat hududiga olib kelingan.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti mazkur jinoyat ishi tafsilotlari yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Qonundagi o‘g‘ri” Baxtiyor Qudratillayevning (“Baxti Tashkentskiy”) o‘g‘li Bekzod Zafarov bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va Baxtiyor Qudratullayev tomonidan Samarqand viloyatiga “polojenets” qilib tayinlangan shaxs rahbarlik qilayotgan uyushgan guruhga qo‘shilgan shaxs H.F. 8 yilga qamalgandi.
Live
Barchasi