Kremniy vodiysida O‘zbekistonning transfer ofisi ochiladi – Mirziyoyev

Jamiyat

image

AQSHning Kremniy vodiysida O‘zbekistonning Milliy transfer ofisi ochiladi. Bu haqda bugun, 28 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt forumida so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, “Nvidia” kompaniyasi bilan superkompyuter klasteri ishga tushiriladi, AQSHning Kremniy vodiysida Milliy transfer ofisi ochiladi, barcha hududlardagi “Kelajak markazlari”da SI bo‘yicha maktab dasturi joriy qilinadi.

Shu bilan birga, maktablar o‘rtasida har yili sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir hududda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabda eng zamonaviy sun’iy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi tashkil etiladi. Har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinib, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi.

Shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yirik tashabbus – “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start beriladi. 2030 yilga qadar 4,75 million o‘quvchi va talaba, 150 ming o‘qituvchi, 100 ming davlat xizmatchisi o‘qitiladi. Bunda sun’iy intellekt maktab, kasb ta’limi va oliy ta’lim tizimlariga ham integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, har yili noyabr oyi “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi” deb e’lon qilinadi va doimiy ravishda “Ipak yo‘li sun’iy intellekt forumi” o‘tkazib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston 2030 yilga borib sun’iy intellekt bo‘yicha TOP-50 ta davlat qatoriga kirishi mumkinligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

sun'iy intellekt Kremniy vodiysi transfer ofisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing