Kreml Rossiyada senzura mavjudligini tan oldi
Olam
−
07 Sentabr
5432Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyada senzura mavjudligini tan oldi, ammo urush sharoitida bu o‘zini oqlashini ta’kidladi. Bu haqda u TASSga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Ayni paytdagi urush holatida cheklovlar oqlanadi, xuddi shunday senzura ham, to‘g‘risini aytganda, biz urush holatidamiz. Barcha ommaviy axborot vositalari o‘z mamlakatlari rahbariyatining siyosiy buyrug‘ini bajaradi”, degan Peskov intervyuda.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga qarshi urushdan keyin Rossiyada senzura bekor qilinishi kerak.
Peskov, shuningdek, har bir mamlakatda axborotni cheklab bo‘lmasligini aytgan. U G‘arb matbuotini rossiyalik jurnalistlarni yo‘q qilishga urinishda ayblab, har qanday vaziyatda ham adekvat munosabatda bo‘lish lozimligini bildirgan.
Kreml matbuot kotibi Rossiya rasmiylari urushni qachon tugatishi haqida savolga javob berar ekan, birinchi navbatda, “maxsus harbiy operatsiya”da belgilangan maqsadlarga erishish kerakligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Rossiya hukumati “urush” so‘zini ishlatmadi, buning o‘rniga “maxsus harbiy operatsiya” atamasini ishlatdi. Urushni “urush” deb atagan odamlar jarimaga tortildi, hatto qamoqqa ham tashlandi. Keyinchalik hokimiyat vakillarining o‘zlari “urush” so‘zini ishlata boshladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin amerikalik jurnalist Taker Karlsonga intervyu bergandi. Intervyudan so‘ng Prezident matbuot kotibidan Karlsonning so‘nggi paytlarda birorta ham g‘arblik jurnalist Putindan intervyu olishga urinmagani haqidagi gaplariga izoh berish va so‘nggi ikki yil ichida Kremlga Rossiya rahbari bilan uchrashish bo‘yicha G‘arb OAVlaridan birorta ham so‘rov kelmagani haqida so‘ralgan. O‘shanda Peskov ularning barchasi biryoqlama pozitsiyani egallagan ommaviy axborot vositalari ekanligini aytgandi.
LiveBarchasi