Kosonda 8-sinf o‘quvchilaridan 9 nafari turmush qurgani aytildi
Jamiyat
−
20 dekabr 2023
90057Ijtimoiy tarmoqlarda Kosondagi maktabning 8-sinflaridan 9 nafari allaqachon oilali bo‘lgani, maktab direktori ham yosh qizni kelin qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat berdi.
Aniqlanishicha, Koson tumanidagi 59-maktab direktori R.S. haqiqatdan ham joriy yilning 27 noyabr kuni farzandi X.X.ning to‘y marosimini o‘tkazgan.
Ma’lum qilinishicha, videolavhadagi jarayonda direktorning kelini B.N. hozirda umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi emas. Shuningdek, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi 8-sinflarning 9 nafari allaqachon oilali bo‘lgani haqidagi xabarga ham izoh bergan.
“Qashqadaryo viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari Koson tumanidagi 59-maktabda 8-sinf o‘quvchilarining ota-onasi bilan suhbatlar tashkil etildi. Ota-onalar ushbu xabarlar haqiqatga yaqin emasligini, kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishini ma’lum qildi (video asos, tushuntirish xatlari mavjud)”, deyiladi munosabatda.
Ta’kidlash joiz, respublikaning bu hududida qizlarning unashtiruv marosimini erta o‘tkazish urf-odatlari qisman bo‘lsa-da saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha ijtimoiy tarmoqlarda 7-sinf o‘quvchisining unashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holatga Bolalar ombudsmani munosabat berib, o‘quvchi qiz unashtirilmaganini bildirdi.
LiveBarchasi