“Kosmos”dan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish keldi
Jamiyat
−
07 iyun 170757 2 daqiqa
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi “Uzcosmos” O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hamda Ekologiya, atrof- muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi dalalarda somon yoqayotganlar kuzatilayotgani va ular javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda juda ko‘p holatda respublika hududidagi boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yer maydonlarida, somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqib yuborish bilan bog‘liq minglab salbiy holatlar aniqlanmoqda. Bu esa minglab gektar serhosil maydonlarning unumdorligi pasayib, tuproq strukturasining buzilishi, yerlardagi foydali makro va mikroelementlarning yo‘q bo‘lib ketishi, ekin hududlarining ball boniteti keskin tushishi kabi ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda.
Shu sababli agentlik barcha aholidan shu kabi noqonuniy holatlarga yo‘l qo‘ymaslikni qat’iy talab qilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur huquqbuzarlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha jarimalar qo‘llaniladi hamda yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarning har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar ko‘riladi. Bunda zarar miqdori katta bo‘lsa hattoki jinoiy javogarlikkacha olib borishi mumkin.
Qolaversa, bu kabi holatlar fermer xo‘jaligiga ajratilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari bajarilmaganini ham ifodalaydi. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, dalalarda somon yonishi sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatib borilmoqda va suratlar huquq-tartibot idoralariga tezkor uzatilmoqda.
“Shu o‘rinda qo‘shtirnoq ichidagi uddaburon fermer va tadbirkorlarga eslatib o‘tmoqchimiz. Respubilika miqyosida somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqish bilan bog‘liq holatlar bevosita Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi “O‘zbekkosmos” tomonidan sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boriladi. Ma’lumotlar esa huquq tartibot organlariga o‘z vaqtida taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi