Korrupsiyaga qarshi kurashishning yangi choralari joriy etiladi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar paketi ishlab chiqildi. O‘zbekiston Prezidentning Farmoni va qarori loyihasi QHTBT portalida muhokama uchun joylashtirildi.

Xususan, Prezidentning “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasiga muvofiq Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestriga kiritilgan shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:

davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi;
saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodlarining ko‘rsatilishi;
davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zoligiga kiritilishi;
tadbirkorlik sub’ektlari davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi;
davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritishi.
 
Prezidentning “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

  • 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari 50%dan yuqori tashkilotlarda ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi;
  • 1 oktyabrga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlangan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ro‘yxatini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi;
  • korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishni cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi;
  • 1 oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • 1 avgystdan boshlab davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlov)larning natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.

Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 1 dekabrdan boshlab:

  • har yil yakuni bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlarida yo‘lga qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting e’lon qilinadi;
  • daromad va mol-mulk deklaratsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

 
Farmon va qaror loyihalari o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

225

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing