Korrupsiyaga qarshi kurashishga korrupsionerning o‘zi bosh bo‘ladimi?

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 oktyabridan barcha davlat organlari va hokimliklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tuzilmalar o‘z faoliyatida bevosita davlat organining birinchi rahbariga bo‘ysunadi. Bu haqda Prezidentning joriy yil 6 iyulda imzolagan “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizomda belgilangan.

Qayd etilishicha, namunaviy nizom davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarga tatbiq etiladi. 

Eng qizig‘i, nazorat tuzilmalari o‘z faoliyatida bevosita davlat organining birinchi rahbariga bo‘ysunadi. Ular davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi  bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi, lavozimidan ozod etish masalasi Agentlik bilan kelishiladi.

Quyidagilar korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

•    tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish;
•    tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish;
•    tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali ishlashini ta’minlash va monitoring qilish;
•    korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni olib borish. 

Qaror Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va joriy yilning 8 sentyabridan kuchga kirdi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda odatda hokim o‘nirbosari pora bilan ushlanadi. Misol tariqasida, 10 ming AQSH dollar bilan Qo‘qon shahar hokimining birinchi o‘rinbosari, 2 ming dollar bilan Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari yoki 20 ming dollar bilan qo‘lga tushgan Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosarini olish mumkin. Biroq, ushbu operatsiyalar ortida hokimning o‘zi turibdi yoki uning ham ulushi bo‘lishi mumkin-ku, degan savollar jamoatchilikda yo‘q emas. 

Zero, bevosita hokimning qo‘li bilan ham bunday jinoyatlar amalga oshirilgan. Masalan, 2018 yilda Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov naqd 400 ming dollar bilan, Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev 2 million 140 ming AQSH dollari bilan ushlanganini hali jamoatchilik unutgani yo‘q. Shunday ekan, davlat organlari va hokimliklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarini yo‘lga qo‘yib, uning nazoratini bevosita ushbu organning birinchi rahbariga topshirishdan nima naf? Qo‘shimcha bo‘lim, qo‘shimcha kadrlar va o‘z o‘rnida qo‘shimcha xarajat qilishdan mantiq ko‘rinmayapti. Lekin, qo‘shimcha ishchi o‘rni tashkil etilar ekan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

348

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing