Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 dekabr kuni Toshkent shahridagi Kongress markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida ishtirok etdi. Unda Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqib, hayotga tatbiq etish taklifini ilgari surdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi. 

Tadbirda mukofot asoschisi – Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, 40 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari, shu jumladan ushbu xalqaro mukofot sovrindorlari qatnashgan.

Davlat rahbari forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Qatar Amiri va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasiga tadbirni O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, Qatar delegatsiyasi va xalqini 18 dekabr kuni keng nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabriklagan.

“Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz”, deydi davlat rahbari.

Ularga erishish maqsadida Prezident qator taklif va tashabbuslarni ilgari surgan.

Eng avvalo, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etiladi. Unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u beriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi va ularda faol qatnashadi. Bu borada o‘tgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalaniladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Korruptsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing