Korrupsiyaga eng ko‘p duch keladigan mansabdorlar ro‘yxati tuziladi
Jamiyat
−
23 noyabr 2020
18272O‘zbekistonda korrupsiyaga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining ro‘yxati tuziladi. Bu haqda joriy yilning 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining 2-yig‘ilishida so‘z borgan. Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy kengash raisi Tanzila Norboyeva qatnashgan.
Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini qonunchilikka implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha yo‘l xaritasi loyihasi ham muhokama etilgan. Loyihada korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari ro‘yxatini shakllantish, xorijiy davlat mansabdor shaxslariga va xalqaro tashkilotlarining vakillariga pora berganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash, korrupsiya holatlari to‘g‘risida anonim xabar yo‘llash va ularni ko‘rib chiqish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, davlat xaridlari sohasini huquqiy tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardagi ayrim bo‘shliqlar, davlat organlari ish faoliyatida ochiqlik va shaffoflikning lozim darajada emasligi, raqobat muhitini va jamoatchilik nazoratini cheklovchi byurokratik to‘siqlarning mavjudligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi joriy yilning yanvar – sentyabr oylarida O‘zbekistonda 647 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar bergan edi. Ular orasida 34 nafar bank rahbarlari, 59 nafar Ichki ishlar vazirligi xodimlari, 7 nafar hokim o‘rinbosarlari, hatto Milliy gvardiya tizimidagi mansabdorlar ham borligi ma’lum qilingan.
Shuningdek, O‘zbekistonda mansabdor shaxs tomonidan noqonuniy tarzda boylik orttirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi kutilayotgani xabar qilindi.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi