Korrupsiyada ayblangan Qirg‘iziston Bosh vaziri iste’foga chiqdi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Muhammadkaliy Abilgaziyev iste’foga chiqdi. Bu haqda Qirg‘iziston Hukumati Matbuot xizmati xabar berdi.

Uning iste’fosiga mamlakat parlamenti – Joqorg‘i Keneshning koorupsiyaga aralashish ayblovi sabab bo‘ldi. May oyi o‘rtasida mamlakat parlamenti Bosh vazir 200 MGs spektrli radiochastotalarni noqonuniy sotishga aloqador bo‘lishi mumkinligini aytib chiqqandi. Joqorg‘u Kenesh deputatlari 2 ta radiochastota Qirg‘izistonning mobil operatorlaridan biriga 1000 va 700 qirg‘iz somiga sotilganini iddao qilgan.

Holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, Qirg‘iziston davlat aloqa agentligining sobiq direktori Natalya Chernogubova va maxsus xizmatlarning bir qator xodimlari qo‘lga olingan. 

Parlamentning 20 maydagi yig‘ilishida deputat Janar Akayev Bosh vazir Abilgaziyev ushbu ishga aloqador bo‘lishi mumkinligini aytgan. Deputat radiochastotalar Bosh vazir ruxsatisiz sotilishi imkonsiz ekanini aytib chiqdi.

Abilgaziyev o‘z bayonotida mamlakat koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashayotgan bir vaziyatda Hukumat barqaror ishlashi kerakligi hamda tergovga bosim o‘tkazish aybloviga uchramaslik uchun iste’foga chiqayotganini ma’lum qilgan.

“Radiochastotalarni cho‘zdirish va qayta rasmiylashtirish bilan bog‘liq jinoiy ish yuzasidan Hukumatga nisbatan ayblov qo‘yilgani munosabati bilan har tomonlama ob’ektiv va keng ko‘lamli tergov o‘tkazilishi hamda tergov organiga bosim o‘tkazdi degan ayblovlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qisqa muddatli ta’tilga chiqishga qaror qilgandim.

Men bu ishga aloqam yo‘qligini avval ham aytganman hozir ham takrorlayman, menga qo‘yilayotgan ayblovlar hech qanday asosga ega emas. Ikki haftalik ta’tilim davomida tergov organlari menga hech qanday savol bilan murojaat qilmadi. Tergov hammasini joyiga qo‘yib, haqiqiy aybdorlarni topishiga ishonaman.

Afsuski, tergov davom etyapti. Bugun mamlakat koronavirus infeksiyasi va uning iqtisodiyotga salbiy oqibatlari bilan kurashayotgan murakkab vaziyatda Hukumat barqaror ishlashi kerak va fuqarolarning to‘laqonli ishonchini bilishi zarur. Mavhumlik Hukumat ishiga halal beradi. Shu sababdan men Qirg‘iziston Bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqishga qaror qildim.

Men o‘z vazifamda doim to‘g‘ri va ochiq ishlaganman, jamoatchilikka foyda keltirishga harakat qildim. Ishonamanki, kelajakda ham o‘z tajriba va bilimlarimni mamlakat va jamoatchilik rivoji uchun sarflash imkoni bo‘ladi”, degan Abilgaziyev.

Abilgaziyev 2018 yildan beri mamlakat Bosh vaziri lavozimini egallab kelayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Muhammadkaliy Abilgaziev

Baholaganlar

49

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing