Koronavirusga qarshi emlanganlarda nojo‘ya ta’sir kuzatilsa, nima qilinadi?
Olam
−
05 aprel 2021
4994O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari boshlanganidan beri 24 mingga yaqin odam vaksina bilan emlandi. Vaksina har kimga turlicha ta’sir qiladi va o‘ziga xos asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ho‘sh, bunday nojo‘ya ta’sirlarning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilgan?
Ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 ga qarshi emlangan shaxslar vaksina olganidan so‘ng 30 daqiqa mobaynida kuzatuvda bo‘ladi. Shuningdek, 3 kun davomida uyiga tashrif buyurish yo‘li bilan muntazam nazorat qilib boriladi. Ularning holati tekshirilib, 64/x hujjati bilan rasmiylashtiriladi.
Ta’kidlanishicha, barcha emlash maskanlari zarur asbob-uskunlar va dori-darmonlar bilan ta’minlangan. Mutaxassislar emlashdan keyingi salbiy holatlarni nazorat qilish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lib, emlanish bilan bog‘liq allergik reaksiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari jalb etiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy yilning 1 aprelidan aholini koronavirusga qarshi emlash jarayoniga start berildi. Dastlab koronavirus yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan shifokorlar va 65 yoshdan oshgan fuqarolar emlanmoqda.
Aholini emlash uchun COVAX dasturi orqali 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi, 27 mart kuni 1 million dozada ZF-UZ-VAC2001 o‘zbek-xitoy vaksinasi olib kelingan.
Shuningdek, may-iyun oylarida AstraZeneca va ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidan yana 5,5 mln doza olib kelish rejalashtirilgan.
Kamola Adhamova