Koronavirusdan vafot etgan kishi shahid hisoblanadi – fatvo
Salomatlik
−
23 aprel 2020
16844Kecha, 23 aprel kuni Al-Azhar xalqaro elektron fatvo markazining koronavirusga oid fatvolari e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xabar bermoqda.
Al-azhar xalqaro elektron fatvo markazining ta’kidlashicha, koronavirus sababidan vafot etgan kishi shahid maqomida bo‘ladi va unga shahidlar ajri beriladi. Dunyo hukmlari borasida unga barcha musulmon mayyitlarga tatbiq qilinadigan g‘usl, kafanlash, janoza namozi kabi hukmlar joriy qilinadi. Buning dalili Payg‘ambar alayhissalomning quyidagi hadislari: “Shahidlar beshta: to’un (o‘lat)dan o‘lgan, qorin og‘rig‘i (ichki kasallik) bilan o‘lgan, cho‘kib o‘lgan, tom bosib o‘lgan, Alloh yo‘lida shahid bo‘lgan kishilar”. Bir rivoyatda, to’un (vabo)da o‘lgan shahiddir, deganlar.
Ana shulardan kelib chiqib koronavirusdan o‘lganlar ham to’un (o‘lat) dan o‘lganlar qatorida hisoblanadi.
Bundan tashqari, Islom tadqiqotlari markazi huzuridagi fatvo hay’ati musulmonlarga koronavirus tarqalishi yoki yuqishidan ehtiyot bo‘lish sababli taqib oladigan niqoblarda namoz o‘qishni zarari yo‘qligini qayd etgan.
Misr fatvo uyi (Dorul ifto) Azhar shayxi va Misr vaqf vazirining yangi turdagi koronavirus tarqalishini oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida, ikki hafta mobaynida, Respublikaning barcha hududlarida jamoat va juma namozlarini ado etishni to‘xtatib, azon aytish bilan kifoyalanish qarorlarini ma’qullashini e’lon qildi.
Spirt bilan dezinfeksiya qilingan masjidda namoz o‘qishning hukmi qanday?
Azhar fatvo markazining ta’kidlashicha, spirt – gidrooksid birikmasi bo‘lgan uglerod va vodorod zarralaridan iborat kimyoviy murakkab element.
Kimyogarlarga ko‘ra, har qanday spirt deb ataluvchi moddalar ham mast qiluvchi bo‘lavermaydi. Mast qilmaydigan spirtning sifatlari mast qiladigani kabi bo‘lmagani va o‘zgarish sodir bo‘lgani uchun u pok hisoblanadi. Shuning uchun u bilan badanni va turli yuzalarni dezinfeksiyalash mumkin bo‘laveradi. Shu sababli badanga yoki namoz joyiga bunday spirt tekkandan so‘ng namoz o‘qish joiz.
Ammo tarkibi va mast qilishi jihatidan avvalgi holida bo‘lgan spirtning hukmi esa ulamolar o‘rtasida ixtilofli masala bo‘lib, uning hukmi ixtiyor qilingan qavlga ko‘ra pokdir. Markazga ko‘ra spirtni tibbiy tomondan tozalashda ishlatish mumkin va u bilan turli yuzalarni, jamoat joylarini va masjidlarni tozalashning zarari yo‘q. Kiyimi, badani yoki joynamoziga spirt tekkan odamning namozi durust bo‘ladi.
Koronavirus sababli juma namozini uyda o‘qishlik hukmi haqida
Azharning xalqaro elektron fatvolar markaziga ko‘ra uyda jamoat bo‘lib, xutbalari bilan ikki rak’at o‘qilgan juma namozi ado topmaydi. Hattoki namozxonlar soni ko‘p bo‘lsa ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uyda xutbasiz to‘rt rak’atdan iborat jamoat bo‘lib yoki yakka-yakka holda peshin o‘qiladi. Kishi erkak va ayollardan iborat o‘z ahliga imom bo‘lib, jamoat holda ado etishi mustahabdir.
Koronavirus sababidan juma namozini o‘qimaslikning hukmida nima deyiladi?
“Fatvo uyi” quyidagicha javob berdi: jamoat va hattoki juma namozlarini tark qilishga sabab bo‘ladigan qator omillar mavjud bo‘lib, kuchli jala, insonga zahmat yetkazadigan loygarchilik, masjid yo‘lini ko‘rib bo‘lmas darajadagi qorong‘ulik kabi umumiy hamda kasallik, joniga, moliga, ahliga xatar bo‘lishi kabi xususiy omillar shular jumlasidandir. Shuningdek, badbo‘y narsa iste’mol qilish, kuchli mudroq bosishi va shularga o‘xshash holatlar ham jum’a namoziga hozir bo‘lishdan to‘sadi.
LiveBarchasi