Koronavirus sabab xitoyliklar II Toshkent Xalqaro marafonida qatnasha olmaydi
Jamiyat
−
20 fevral 2020
3658“Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan joriy yilning 21-23 mart kunlari II Toshkent Xalqaro marafoni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 20 fevral kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Biroq, koronavirus sabab ushbu yirik sport musobaqasida xitoylik sportchilar va sayyohlar ishtirok eta olmaydi.
Marafon va yarim marafon ishtirokchilari 18 yoshdan kichik bo‘lmasligi lozim. 3 km va 1,5 km masofalarga yugurish musobaqalarida esa yosh chegarasi belgilanmagan.
Marafonda nafaqat o‘zbekistonliklar, balki boshqa davlat fuqarolari, mehmonlar ham ishtirok etishi mumkin. Tabiiyki boshqa davlatdan sportchilar va qolaversa, sayyohlar oqimi kelishi kutilmoqda. Tabiiyki, kishida hozirgi kunda dunyoni larzaga solayotgan koronavirus bu marafonga halal bermaydimi va kelayotgan mehmonlarni bu kasallikga chalinmaganini qayerdan bilamiz degan savol paydo bo‘ladi. Bu kabi savollarga Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Elbek Shukurov quyidagicha javob berdi:
“To‘g‘ri aytilyapti, bugungi kunda butun dunyoga tahdid solayotgan koronavirus masalasi bor. Lekin, etibor bering, dunyoda sport to‘xtab qolgani yo‘q. Xalqaro musobaqalar o‘tkazilishi davom etyapti.
Barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda mazkur tadbirni o‘tkazish bo‘yicha Hukumat malum hujjatlar qabul qilgan va shular asosida tegishli vazirlik idora tashkilotlarga, jumladan sog‘liqni saqlash vazirligiga topshiriqlar berilgan”.
Qayd etilishicha, sport tadbirida ishtirok etish uchun ko‘plab mamlakatlarga taklifnomalar yuborilgan. Biroq, hozircha Xitoy bundan mustasno.
“MDH davlatlariga taklifnomalar yuborganmiz,. Xitoy, Gankong, Taybey bundan mustasno, ularga taklifnoma yuborilmagan. Bu ularni kamsitish emas. Chunki, xavfsizlik birinchi o‘rinda. Avval maslahatlashdik, keyin qaror qabul qildik. Har bir davlatga taklifnoma bilan bilan birga ogohlantirish maktubini ham yo‘llaganmiz. Bu ogohlantirish aynan koronavirus bilan bog‘liq. Biz birinchi navbatda xalqimiz salomatligini o‘ylashimiz kerak. Tadbirni ko‘ngildagidek o‘tkazish va yurtimizga kelayotgan barcha mehmonlarni tekshirish yuzasidan SSV bilan xamkorlikda reja tuzilgan”, deydi O‘zbekiston yengil atletika fideratsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zimuhammedov.
Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda koronavirusni yuqtirganlar dunyo miqyosida 75775 nafarni, o‘lim holatlari 2130 tani, tuzalganlar soni esa 16820 kishini tashkil etmoqda.
LiveBarchasi