Koronavirus sabab internetda turli firibgarliklar boshlangani aytildi
Jamiyat
−
19 mart 2020
7436Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi internetda firibgarlikning faollashishiga olib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi “O‘zkomnazorat” xabar bermoqda.
Firibgarlar shaxsiy ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadida infeksiyaning oldini olish uchun xavfsizlik choralari ko‘rsatilgan yolg‘on xabar yuboradi. Ularning asosiy vazifasi – foydalanuvchini soxta veb-saytga o‘tkazish va u yerda shaxsiy ma’lumotlarga ega chiqishdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, boshqa firibgarlar esa virusning tarqalishiga qarshi kurashish uchun xayr-ehson qilishni so‘ramoqda. Ayrimlarida esa obro‘li tashkilotlar nomidan jiddiy bemorlarni davolash uchun mablag‘ talab qilinmoqda.
“Bundan tashqari, tarmoqda sizning koronavirusga chalinganingiz yoki yo‘qligini aniqlovchi testlar taklif etilayotgan soxta saytlar ham paydo bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
“O‘zkomnazorat” DI foydalanuvchilardan ogoh bo‘lishni, noma’lum kishilardan yuborilgan xatlarni o‘chirishni, foydalanishdan oldin havolalarni sinchkovlik bilan o‘rganishni, shuningdek, noma’lum qo‘ng‘iroqlar bo‘lganda diqqat bilan tinglashni so‘ragan.
Shuningdek, foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi to‘g‘risidagi barcha soxta xabarlardan ogohlantirilgan. Rasmiy va tasdiqlangan manbalardan ma’lumot olish tavsiya etilgan.
Bosh vazir Abdulla Aripov OAV vakillariga karantin bo‘yicha axborot berib borish tizimi yo‘lga qo‘yilishi va bir kunda 2-3 marta, kerak bo‘lsa 4 marta rasmiy axborot berilishini ma’lum qildi va tasdiqlanmagan axborot tarqatuvchilarni jiddiy ogohlantirgan edi.
LiveBarchasi