Koronavirus: Rossiyada kunlik kasallanish bo‘yicha antirekord qayd etildi
Olam
−
17 Oktabr 2021
6667Bugun, 17 oktyabr holatiga ko‘ra, Rossiyada 34 303 kishi koronavirusga chalingan. Bu butun pandemiya davridagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi, deya yozmoqda “Interfaks” nashri.
Qayd etilishicha, kasallik ko‘payishi deyarli barcha hududlarda kuzatilmoqda. Kunlik kasallanishlar bo‘yicha Moskva – 6 740, Sankt-Peterburg – 3 323 va Moskva viloyati – 2 759 ta yetakchilik qilmoqda va bu butun pandemiya davridagi maksimal ko‘rsatkich hisoblanadi. Koronavirus bilan kasallangan bemorlar soni eng ko‘p bo‘lgan beshta hududga Samara (896) va Nijniy Novgorod (711) viloyati ham kirgan.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi bir kun ichida Rossiyada koronavirusdan 997 kishi vafot etgan. Bunga qadar eng yuqori ko‘rsatkich kecha, 16 oktyabr kuni kuzatilgan va kun davomida 1 002 ta o‘lim holati qayd etilgan. Vafot etganlarning 70 nafari Moskva, 65 nafari Peterburg va 39 nafari Krasnodarga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, Rossiyada butun pandemiya davrida 7 million 992 ming 687 nafar kishi koronavirusga chalingan. Ulardan 223 312 nafari vafot etgan va 7 million 624 ming kishi to‘liq tuzalgan.