Koronavirus xavfi: Rossiyada vaziyat keskinlashyapti. Moskvada antirekord o‘rnatildi
Olam
−
18 iyun 2021
7860Rossiyada o‘tgan kunda 17 262 kishida koronavirus aniqlandi va kasallarning umumiy soni 5 281 309 kishiga yetdi. Bu joriy yilning 1 fevralidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi, deb xabar bermoqda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor shtab.
Bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 1 fevral kuni mamlakatda ushbu kasallikning 17 648 ta holati qayd etilgandi.
“Rossiyada so‘nggi 24 soat ichida 85 ta mintaqada yangi koronavirus infeksiyasining 17 262 ta holati qayd etildi, shu jumladan 464 ta holat klinik ko‘rinishlarsiz aniqlandi”, deyilgan xabarda.
Poytaxt Moskvada esa bir kunda 9056 kishida koronavirus aniqlangan. Bu pandemiya boshlanganidan beri kuzatilmagan rekord ko‘rsatkich. Bundan avval maksimal o‘sish o‘tgan yilning 24 dekabrida (8203) qayd etilgandi. Kun davomida Moskvada koronavirus tufayli 78 o‘lim qayd etilgan, bu esa 19 yanvardan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirusga chalinganlar soni 5 281 309 kishiga yetgan. Shu kungacha 126 mingdan ko‘p kishi vafot etgan.
LiveBarchasi