Koronavirus xavfi: xususiy klinikalarga berilgan huquq muddati uzaytirildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun berilgan huquq muddati uzaytirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bergan.  

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga shoshilinch profilaktika va epidemiyaga qarshi choralar ko‘rilishini talab qiluvchi yuqumli kasalliklar qatoriga kiritilgan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqi, istisno tariqasida, 2022 yilning 1 yanvariga qadar uzaytirildi. 

"Nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga xizmat ko‘rsatish, koronavirus infeksiyasiga PZR va ekspress-test tekshiruvlari o‘tkazish faqatgina Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tegishli talablar asosida amalga oshiriladi", deyilgan xabarda. 

Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan tuzadigan shartnomalariga muvofiq, davolash ishlarini amalga oshirish va sanitariya qoidalariga rioya qilish hamda tegishli hisobotlarni muntazam topshirib borish vazifasi yuklatildi. 

Ta’kidlanishicha, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan shaxslarni davolash ishlarini www.bemor.ssv.uz dasturida  olib borish majburiyati asosida amalga oshirish belgilandi. 

SSVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 94 397 nafarga yetgan. 


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

71

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing