Koronavirus qurbonlari soni 1000 dan oshib ketdi
Olam
−
11 fevral 2020
9386Bugun, 11 fevral holatiga Xitoyda paydo bo‘lgan yangi koronavirus qurbonlari soni 1018 nafarga yetib, kechagiga nisbatan 108 nafarga ko‘paydi. Qurbonlarning faqatgina ikki nafari Xitoydan tashqarida vafot etgan.
Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 2548 nafarga ortib, 43 101 nafarga yetdi. Bemorlarning 42 638 nafari Xitoyda qayd etilgan. Qolganlari dunyoning 27 davlatida aniqlangan.
Koronavirusdan davolanganlar soni 4043 nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich kecha 3342 nafarga teng edi. Bemorlarning 7345 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 27 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya va Belgiyada aniqlandi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.
Yangi koronavirusga Novel Coronavirus Pneumonia (NCP) nomi berildi. U bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi