Koronavirus qanday hollarda ko‘p yuqayotgani ma’lum qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston koronavirus infeksiyasini yuqish tezligiga mamlakatda o‘tkazilayotgan turli xil marosimlar, to‘ylar, tadbirlar, tug‘ilgan kunlar sabab bo‘lgan. Bu haqda koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ma’lum qilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turli marosimlar, to‘ylar, tadbirlar va tug‘ilgan kunlarni karantin qoidalariga zid ravishda o‘tkazish kasallikning yuqish tezligini oshirgan.

“O‘tkazilayotgan tadbirlarda oila a’zolaridan tashqari bir nechta tanish-bilish va viloyatlardan bir-biriga yaqin tanish bo‘lmaganlarning kelishi kasallikning sog‘lom odamga yuqish ehtimolini ko‘paytirib beradi. Kasallikni simptomlarsiz kechirayotgan insonlar bilan birga aloqada bo‘lib qolib, biror bir yig‘inda, bir dasturxon oldida o‘tirib, to‘y yoki tug‘ilgan kun tugagunicha birgalikda ikki metr ijtimoiy masofani saqlamagan holda muloqotda bo‘lishi virusning yuqishini kuchaytirmoqda”, deydi Sevara Ubaydullayeva.

Ma’lum bo‘lishicha, sog‘lom inson tibbiy niqoblarsiz yarim soatdan ortiq kasal odam bilan muloqotda bo‘lsa, organizmga shunchalik ko‘p miqdorda virus tushadiki, oylar davomida virusdan qutilish qiyin kechadi.

Ayni vaqtda karantin yumshatilib, ba’zi cheklovlar olib tashlangandan so‘ng, virusning yuqish darajasi ham oshgan. Joriy yilning sentyabr oyining ilk kunida 343 nafar bemor qayd etilgan bo‘lsa, 9 sentyabrda bu ko‘rsatkich qariyb 170 nafarga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 15 avgustidan to‘ylar o‘tkazishga ruxsat berildi

IIVning qayd etishicha, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunning 31-moddasiga muvofiq, marosim o‘tkazilishidan avval profilaktika inspektori marosim o‘tkazayotgan xonadon egasini rasman ogohlantirishi lozim. Belgilangan talablarni buzgan shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarni buzish), ya’ni karantin qoidalariga rioya qilmay, koronavirus infeksiyasini tarqalishiga sababchi bo‘layotganligingiz uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solinishiga yoki ushbu xatti-harakat og‘ir oqibatlarga, jumladan epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa, Jinoyat kodeksining 2571-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish)ga asosan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.

Joriy yilning 28 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlar, sektor rahbarlari hamda mutasaddi idoralar xodimlari har bir mahallada, jamoat joylari, transport va korxonalarda sanitariya talablari bajarilishi bo‘yicha temir intizomni ta’minlashi zarurligini aytib o‘tgandi. Ayniqsa, to‘y-marosimlarni bir necha kun davomida yoki bir kunda 3-4 marta o‘tkazish holatlariga chek qo‘yish kerakligi alohida ta’kidlangan

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

282

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing