Koronavirus borligi inkor etilgan Turkmanistonda vazir COVID-19 ga chalindi

Olam

image

Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri, 61 yoshli Rashid Meredov koronavirus bilan kasallandi va joriy yilning 24 avgust kuni Axal viloyatida Izgant qishlog‘idagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi

Nashrning qayd etishicha, oxirgi marta Meredov joriy yilning 20 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidagi ishtiroki paytida televizorda ko‘rsatilgan. O‘shandan beri Meredov haqida hech qanday xabar yo‘q.

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari o‘shandan beri Vazirlar Mahkamasining ikkita majlisida qatnashmagan. Mamlakat Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi bilan esa Tashqi ishlar vaziri emas, balki qishloq xo‘jaligi sohasini nazorat qiluvchi Bosh vazir o‘rinbosari Esenmurat Orazgeldiyev shug‘ullanmoqda.

Nashrga ko‘ra, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilinganda, uning rasmiysi bu ma’lumotni rad etib, vazirning o‘z ish joyida ekanini ta’kidlagan. Meredovning axborot maydonida yo‘qligi vazirning Afg‘oniston va dunyodagi vaziyatga bog‘liq ishi ko‘pligi bilan izohlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil avgust oyida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yig‘ilishida epidemiologik xavfsizlik bo‘yicha vazirlarni vazifasidan ozod qilgan. Katta ehtimol bilan bunga mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat sabab bo‘lgan. Endilikda Vazirlar Mahkamasi a’zosi ushbu virusga chalindi. Biroq rasman Turkmanistonda koronavirus qayd etilmagan.

Mustaqil OAV xabarlariga ko‘ra, Turkmanistonda COVID-19 pandemiyasining navbatdagi to‘lqini avj olishi kuzatilmoqda. Ashxabodda bozorlar va kafelar qayta yopilgan, jamoat transporti dezinfeksiya qilinmoqda, politsiya niqobsiz odamlarni jarimaga tortmoqda, korxona va tashkilotlar xodimlaridan emlanganlik guvohnomasi talab qilinib, aks holda ularga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda. Hududlarda shifoxonalar to‘lgan va xodimlar yetishmayapti. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

140

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing