Koreyadagi o‘zbekistonlik koronavirus yuqtirib oldi
Olam
−
14 mart 2020
25928O‘zbekiston fuqarosi Janubiy Koreyada koronavirus yuqtirib olgan. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda.
Koreyada ro‘yxatga olingan koronavirus yuqtirgan bemorlarning 60 nafari chet ellik ekanligi aniqlandi.
Ular orasida 38 nafar xitoylik, 7 nafar amerikalik, 2 nafar Mo‘g‘uliston fuqarolari, Argentina, Avstraliya va Tailand hamda 1 nafar O‘zbekiston, Indoneziya, Yaponiya va Polsha fuqarolari mavjud.
Hozircha bemorlar ahvoli haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli uni epidemiya emas, pandemiya deb e’lon qildi. Bu virus bir emas, bir nechta davlatlarni to‘laqonli qamrab olganda e’lon qilinadigan holat hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 145 davlatga kirib bordi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
Ayni vaqtga qadar koronavirus bilan xastalanganlar dunyo miqyosida 145 995 kishini tashkil etmoqda 5 440 kishi virusdan vafot etdi. Shuningdek, 72 553 kishi ushbu xastalikdan forig‘ bo‘ldi.