Konstitutsiya o‘zgaradi, u referendum orqali qabul qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha to‘xtab qolgan jarayonlar davom ettiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llayotgan murojaatida aytib o‘tdi. 

“Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun, boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi.Shu bois, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak”, deydi Prezident.

Uning ta’kidlashicha, hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo‘lmaydigan xavf-xatarlarni yengib o‘tishga qodir bo‘lgan milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlash zarur. Shularni e’tiborga olgan holda, Asosiy qonunni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. 

“Ushbu islohotdan xalqimiz katta o‘zgarishlar kutayapti. Bugungi kunga qadar bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani ham, buning yaqqol dalilidir. “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida, barcha masalalar bo‘yicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutamiz.

Umuman, mazmuni “inson qadrini ulug‘lash” ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan Konstitutsiyani har tomonlama o‘ylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak”, deydi Prezident. 

Mirziyoyevning urg‘ulashicha, fuqarolar bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi.

“Eng muhimi – har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor bo‘lishi va “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb yuksak g‘urur va iftixor bilan ayta olishi kerak”, deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

124

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing