KONKAKAF ham FIFA’ning bahsli rejasini rad etdi
Sport
−
11:39 230 2 daqiqa
Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib dengizi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF)ga a’zo mamlakatlar FIFA prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionati tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish taklifini rad etdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qaror kecha, 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qabul qilindi.
“KONKAKAF – bu futbolga bo‘lgan muhabbat birlashtirgan, o‘yin manfaatlari birinchi o‘rinda turadigan konfederatsiyadir. Ana shu tamoyilga amal qilib, so‘nggi o‘n yil ichida biz xizmat ko‘rsatish, shaffof boshqaruv va futbolni uzoq muddatli rivojlantirishga asoslangan tashkilotni noldan barpo etdik.
Tarix shuni ko‘rsatdiki, FIFA va butun futbol oilasi uchun mas’ul shaxslar ushbu qadriyatlarni chetga surganida, bu salbiy oqibatlarga olib kelgan. Yig‘ilishda ishtirokchilar taklif yuzasidan tegishli jarayonlarga amal qilinmagani, qaror qabul qilish uchun sun’iy ravishda qisqa muddat belgilangani hamda FIFA’ning vakolatli boshqaruv organlari tomonidan hujjat ko‘rib chiqilmagani va tasdiqlanmaganidan jiddiy xavotir bildirdi”, deyiladi tashkilot bayonatida.
Bundan tashqari, tarixdagi eng daromadli Jahon chempionatidan keyin yangi va amaldagi dasturlarni moliyalashtirish uchun xususiy kapitalga ehtiyoj borligi ham shubha ostiga qo‘yilgan.
“Muhokamalar yana bir bor shaffoflik va samarali boshqaruv zarurligini tasdiqladi. Shu sababli, KONKAKAF va uning 41 ta a’zo assotsiatsiyasi mazkur taklifni rad etdi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janni Infantino FIFA Jahon chempionati tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. FIFA hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu sxema orqali 4,2 milliard dollar jalb etish mumkin. Mazkur tashabbus futbol rasmiylari, milliy federatsiyalar va turli sport tashkilotlari tomonidan keng tanqid qilindi. Keyinroq UEFA ham ushbu reja bekor qilinmaguncha FIFA homiyligidagi turnirlarni boykot qilishini e’lon qildi. Bu qaror UEFA’ning barcha 55 a’zo assotsiatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Live
Barchasi